O‘zbekiston quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash qurilmalarini qurish uchun $1,45 mlrd mablag‘ jalb etadi

Loyihaning eng yirik kreditori sifatida Yaponiya xalqaro hamkorlik banki ishtirok etadi

O‘zbekiston quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash qurilmalarini qurish uchun $1,45 mlrd  mablag‘ jalb etadi

Yaponiyaning Sumitomo Corporation korporatsiyasi, Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) va boshqa muassasalar O‘zbekistonda elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini qurish uchun $1,45 mlrd ajratadi. Bu haqda Nikkei nashri xabar berdi.

Loyihada Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi, shuningdek, Yaponiyaning Shikoku Electric Power va Chubu Electric Power kompaniyalari ishtirok etmoqda, ular JBIC, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki kabi banklar guruhi bilan loyihani moliyalashtirish bo‘yicha shartnomalar imzolagan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, JBIC $635 mln miqdorida kredit taqdim etadi va moliyalashtiruvchi tashkilotlar orasida eng yirik ishtirokchiga aylanadi. Qolgan qismi xususiy banklar — Sumitomo Mitsui Banking Corporation va Norinchukin Bank tomonidan moliyalashtiriladi.

Mablag‘larning xususiy qismi Yaponiya eksport va investitsiya xatarlarini sug‘urtalash agentligi (NEXI) tomonidan taqdim etilgan shartnomalarga bog‘lanmagan holda eksport kreditlarini sug‘urtalash bilan ta’minlanadi.

2024-yilda O‘zbekiston va JBIC Yaponiya kompaniyalarining mamlakatdagi loyihalarini suveren bo‘lmagan (nodavlat) moliyalashtirish imkoniyatini nazarda tutuvchi uch yillik hamkorlik dasturini imzolagan.

Osiyo taraqqiyot banki, o‘z navbatida, $140 mlnlik moliyalashtirish paketini tashkillagan, jumladan, $70 mln o‘z mablag‘lari, OTB tomonidan boshqariladigan Osiyo xususiy infratuzilmani rivojlantirish jamg‘armasidan $10 mln va OTB asosiy kreditor sifatida ishtirok etadigan sindikatlashtirilgan kreditlar shaklida $60 mln.

Investitsion jozibadorlikni oshirish va xatarlarni kamaytirish uchun OTB tariflarni to‘lash bo‘yicha majburiyatlarni ta’minlaydigan kredit kafolatlari shaklida $85 mlngacha mablag‘ ajratadi.

O‘zbekiston hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ushbu kafolatlar $1,2 mlrddan ortiq xususiy va sheriklik kapitalini jalb qilishda muhim rol o‘ynadi, — deyiladi OTB xabarida.

Osiyo taraqqiyot banki ham ekologik va ijtimoiy masalalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi vazifasini bajaradi. U loyihalarning “atrof-muhitni muhofaza qilish va hamjamiyatlar bilan o‘zaro hamkorlikning eng yuqori standartlariga” muvofiqligini ta’minlashi kutilmoqda. Moliyalashtirish va xavflarni kamaytirish choralari tufayli OTBning ishtiroki ushbu loyihani mintaqadagi toza energiya sohasidagi eng yirik bitimlardan biriga aylantiradi.

Loyiha haqida

Loyiha O‘zbekistonning Samarqand va Buxoro viloyatlarida umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalarini (taxminan 600 ming xonadonning yillik elektr energiyasi iste’moliga teng) hamda umumiy quvvati 1336 MVt/soat bo‘lgan energiya saqlash tizimlarini qurish, egalik qilish va ekspluatatsiyalashni nazarda tutadi.

1) Quyosh elektr stansiyasi (100 MVt) + energiya saqlash tizimi2) 400 MVt va 500 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyalari3) Energiyani saqlash tizimi

Qayd etilishicha, ushbu loyiha mamlakat tarixidagi quyosh generatsiyasi va energiya to‘plash bo‘yicha eng yirik qo‘shma tashabbus bo‘ladi. “ACWA Power Sazagan Solar 1” birinchi loyihasi qurilishi 2027-yilda, “Sazagan Solar 2” esa 2028-yilda yakunlanishi kutilmoqda.

Shundan so‘ng ishlab chiqarilgan barcha elektr energiyasi 25 yillik elektr energiyasi oldi-sotdi shartnomasi doirasida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasiga sotiladi.

ACWA Power’ning loyihadagi ulushi 51% ni, Sumitomo — qariyb 20,2% ni, Yonden va Chubu — 14,4% danni tashkil etadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Yashil iqlim jamg‘armasi barqaror suv ta’minoti uchun $250 mln ajratadi
/
Yashil iqlim jamg‘armasi barqaror suv ta’minoti uchun $250 mln ajratadi
Gazsiz uylar uchun elektr energiyasi bo‘yicha chegirmalar bu yil joriy qilinmaydi
/
Gazsiz uylar uchun elektr energiyasi bo‘yicha chegirmalar bu yil joriy qilinmaydi
Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiya 3-noyabrdan boshlanadi
/
Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiya 3-noyabrdan boshlanadi