Muammoli mahallalarda quyosh elektr stansiyalari o‘rnatish uchun $230 mln yo‘naltiriladi

Stansiyalar 7 yilga imtiyozli lizing asosida mahallalarga beriladi

Muammoli mahallalarda quyosh elektr stansiyalari o‘rnatish uchun $230 mln yo‘naltiriladi

O‘zbekistonda muammoli va chuqur ixtisoslashgan mahallalarda kichik quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha tegishli hujjat Lex.uz portalida e’lon qilindi.

Prezident tomonidan tasdiqlangan qarorga ko‘ra, daromadlarni oshirish va kambag‘allikni qisqartirish dasturi doirasida 1 mingta chuqur ixtisoslashgan mahalla hamda og‘ir sharoitdagi 903 ta hududda loyihalar amalga oshiriladi. Dastur doirasidagi muhim vazifalardan biri — 1 mln nafar norasmiy band aholini rasmiy mehnat bozoriga jalb qilishdan iborat.

Xususan, murakkab sharoitdagi 37 ta tuman va 903 ta mahallaga alohida e’tibor qaratiladi. Hududiy hokimliklar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bir oy muddatda ushbu hududlarning ixtisoslashuvini kuchaytirish bo‘yicha rejalarni ishlab chiqadi.

Energetika vazirligiga 2026-yil may oyigacha 1 mingta mahallada quvvati 300–500 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha texnik takliflar tayyorlash topshirildi. Ushbu obyektlar avgust oyiga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Quyosh stansiyalari mahallalarga 7 yil muddatga imtiyozli lizing asosida beriladi. Bu ularga barqaror daromad manbaini shakllantirish imkonini yaratadi.

Avvalroq yanvar-oyida Prezident ayni shu mavzudagi videoselektor yig’ilishida ayni masalaga to’xtalib, quyosh stansiyalarini ekspluatatsiya qilish ishlariga aynan shu mahallalarda yashovchi kambag‘al oilalar a’zolari jalb etilishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, 1-guruh nogironligi bo‘lgan, oilasida mehnatga layoqatli a’zosi mavjud bo‘lmagan 6 ming 700 ta xonadon energiya tejamkor texnologiyalar asosida ta’mirdan chiqariladi. Mazkur tajriba ixtisoslashuv darajasi yuqori bo‘lgan yana 1 mingta ilg‘or mahallada ham joriy etiladi.

Qabul qilingan qarorga ko’ra, loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi $110 mln ajratadi. Qo‘shimcha $120 mln mablag‘ xalqaro moliya institutlaridan jalb qilinadi.

Shuningdek, muammoli hududlarda biznes infratuzilmasini rivojlantirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va avtomobil yo‘llarini ta’mirlash ko‘zda tutilgan. Maxsus moliyalashtirish mexanizmiga ko‘ra, mahalliy byudjetdan ajratilgan har 1 mlrd so‘mga respublika byudjetidan yana 2 mlrd so‘m qo‘shib beriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa hududlarni kompleks rivojlantirish strategiyalari uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratadi. Bir tuman uchun davlat tomonidan ko‘rsatiladigan yordamning eng yuqori miqdori 50 mlrd so‘mdan oshmaydi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda birinchi AES: ishga tushirish muddati e’lon qilindi
/
O‘zbekistonda birinchi AES: ishga tushirish muddati e’lon qilindi
Kapitalbank TAF!25 festivalida O‘zbekistonning xalqaro imijini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlandi
/
Kapitalbank TAF!25 festivalida O‘zbekistonning xalqaro imijini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlandi
Anvar Abduqayumov: “Eksportga yo‘naltirilgan strategiya bizni MDH yetakchiga aylantirdi”
/
Anvar Abduqayumov: “Eksportga yo‘naltirilgan strategiya bizni MDH yetakchiga aylantirdi”