Qashqadaryoda 1 trln so‘mdan ortiq investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

Bundan tashqari, Qarshi shahrida $8 mlnlik polietilen ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Qashqadaryoda 1 trln so‘mdan ortiq investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

2025-yilda Qashqadaryo viloyatida umumiy qiymati 1,03 trln so‘mlik 50 ta yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu tashabbuslar natijasida $80 mlnlik import o‘rnini bosish va 385 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Muhim loyihalardan biri — Koson tumanida “Rapid Rais Texnoprom” tomonidan amalga oshirilayotgan metall uskunalar va buyumlar ishlab chiqarish zavodi bo‘lib, loyiha qiymati $25 mlnni tashkil etadi. Yillik quvvati 3,2 ming tonnaga teng bo‘lgan ushbu korxona 150 ta ish o‘rni yaratadi, $4 mlnlik eksport amalga oshiradi hamda byudjetga 10 mlrd so‘m tushum keltiradi.

Shuningdek, Qarshi shahrida “Nasaf XCP Techno” tomonidan yiliga 35 ming tonna polietilen ishlab chiqarish loyihasi yo‘lga qo‘yiladi. $8 mlnlik ushbu loyiha orqali 65 ta ish o‘rni yaratiladi, $30 mlnlik import o‘rnini bosish hamda byudjetga 5 mlrd so‘m tushum ta’minlash rejalashtirilgan.

Viloyatda ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish ham ustuvor yo‘nalishlardan. Jumladan, ilgari ishlab chiqarilmagan 66 turdagi mahsulotni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Hozirda korxonalarning 70%i to‘liq yoki yuqori quvvatda, 12%i esa to‘liq raqamlashtirilgan holda faoliyat yuritmoqda. Yana 78%i raqamli texnologiyalarni qisman joriy etgan.

Shunga qaramay, so‘rov natijalariga ko‘ra, korxonalarning 30%i ishlab chiqarish quvvatining yetarlicha yuklanmaganini bildirgan. Ayrim korxonalar faqat 20–30%, boshqalari esa 40–50% quvvatda ishlamoqda. To‘liq quvvatga chiqish esa qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va soliq tushumlarini oshirish imkonini beradi.

Qashqadaryo viloyati import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishda katta salohiyatga ega. Jumladan, $96 mln qiymatdagi elektrotexnika mahsulotlari, $19 mlnlik nasos uskunalari, shuningdek $6,4 mlnlik farmatsevtika va tibbiyot tovarlarini mahalliylashtirish imkoniyati mavjud. Masalan, “Trade and Sales Professionals” kompaniyasi svetoforlar, “Muborakneftgazta’mir” va “Agrotexsuvmontaj” esa nasoslar ishlab chiqarish loyihalarini ko‘rib chiqmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Yoz oylarida avtomobil oynalarini qoraytirish narxlari pasaytirilishi mumkin
/
Yoz oylarida avtomobil oynalarini qoraytirish narxlari pasaytirilishi mumkin
O‘zbekistonda barcha xorijiy valyutalar qimmatlashdi
/
O‘zbekistonda barcha xorijiy valyutalar qimmatlashdi
Yarim yilda Toshkent shahridagi qurilish maydonlari soni 8% ga oshdi — CMWP
/
Yarim yilda Toshkent shahridagi qurilish maydonlari soni 8% ga oshdi — CMWP