2024-yilning so‘nggi 3 oyida pul bozorida jami 1,3 mingta operatsiyalar amalga oshirildi
Bunda banklararo amaliyotlarning 85% overnayt operatsiyalariga to‘g‘ri kelgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2024-yilning IV choragida pul bozorida jami 1,3 mingta (kunlik o‘rtacha 21 ta) operatsiyalar amalga oshirildi. Bunda banklararo amaliyotlarning 85% overnayt operatsiyalariga to‘g‘ri keldi. Bu haqdagi Markaziy bank o‘z hisobotida ma’lum qildi.
Muddatli 2-7 kunlik operatsiyalar ulushi III chorakdagi 17,1% dan 11,7% gacha va 8-30 kunlik amaliyotlar ulushi 2,9% dan 1,3% gacha va muddat 30 kundan yuqori bo‘lgan operatsiyalarining ulushi 2,6% dan 2% gacha qisqardi (5-rasm).
Banklarning pul bozoridagi faolligi oshishi, ularning likvidlikni boshqarish samaradorligi yaxshilanganini ko‘rsatadi. 2024-yilning IV choragida pul bozoridagi likvidlikni taqsim etuvchi banklar soni 11 tani tashkil etgan bo‘lib (III chorakda – 10 ta), likvidlikni jalb etuvchi banklar o‘rtacha kunlik soni 7 taga teng bo‘lgan (III chorakda – 6 ta).
Likvidlikni jalb etish segmentida banklar sonining kam bo‘lishi chorak davomida umumiy likvidlikning oshib borganligi va tizimda likvidlikning notekis taqsimlanganligi bilan izohlanadi.
Pul bozorining likvidlikni jalb etish segmentida eng faol 3 ta bankning ulushi o‘rtacha 71% ga teng bo‘lgan bo‘lsa, likvidlikni taqdim etish segmentida esa eng faol 3 ta bankka jami amaliyotlarning 42% to‘g‘ri keldi. Ushbu ko‘rsatkichlarda III chorakka nisbatan mos ravishda 7-3% ga o‘sish kuzatildi.
Pul bozorining kontsentratsiyalashuv darajasini ifoda etuvchi “Herfindahl-Hirshman” indeksi (HH indeksi) asosidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2024-yil dekabr oyida pul bozorining likvidlikni jalb etish segmentida kontsentratsiyalashuv darajasi sentyabr (1 965) oyiga nisbatan o‘sib 2 170 ga teng bo‘ldi va bu bozorning “nisbatan kontsentratsiyalanganligini” ifoda etadi (6-rasm). Likvidlikni taqdim etish segmentida esa raqobat darajasi va bozor ishtirokchilari soni yuqori bo‘lganligi sababli, HH indeksi sentabr (770) oyiga nisbatan biroz qisqarib va 748 ga teng bo‘ldi.
Kontsentratsiya darajasi likvidlikning jalb etish segmentida III chorakka nisbatan oshgan bo‘lsa, likvidlikni joylashtirish segmentida biroz yaxshilangan. Mazkur holat bank tizimida likvidlik taqsimotining muvozanatlashtirilishi va REPO bozorining rivojlanib borishi hisobiga ishtirokchilar sonining oshganligi bilan izohlanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ