O‘zbekistonda pullarni omonatga qo‘yish tartiblari va foydalari
Shuningdek, omonat tanlash bo‘yicha tavsiyalar

Фото: Артём Левин / Kapital.uz
O‘zbekistonda bank omonatlari jamg‘armalarni saqlash va ko‘paytirishning mashhur usuli hisoblanadi. Mamlakat banklari turli shartlarga ega bo‘lgan omonat dasturlarini taklif qilib, mijozlarga o‘z ehtiyojlariga mos variantni tanlash imkoniyatini beradi.
Valyuta omonatlari
Chet el valyutasidagi, masalan, AQSH dollaridagi omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari odatda pastroq bo‘ladi. O‘zbekiston hududida yevro va dollarda pulni omonatga qo‘yish mumkin. Ammo xorijiy valyutada pulni joylash orqali ko‘p daromad olib bo‘lmaydi. Yillik stavka valyutalar uchun yuqori emas, ularning miqdori yillik 6%dan oshmaydi.
Shuningdek, O‘zbekistonda faqatgina ikkita xorijiy valyutada bankka pul qo‘yish mumkin yevro va dollarda. Bankning takliflari va omonat turlariga qarab $50 boshlab omonatlar qo‘yish mumkin.
So‘mda omonatlar
Milliy valyuta – o‘zbek so‘mida ochilgan omonatlar yuqori foiz stavkalari bilan ajralib turadi. O‘zbekistonning asosiy foiz stavkasi 14% darajada ekanini hisobga olsak so‘mda omonat qo‘yib siz pullaringizni yoqotmaysiz, aksincha foyda ko‘rishingiz ham mumkin bo‘ladi. Albatta, yillik stavka miqdori 17%dan yuqori bo‘lsa. Bundan tashqari omonatning minimal summasi bankning takliflari va omonat turlariga qarab 100 ming so‘mdan boshlanadi.
Omonatlarni taqqoslash
Eng qulay omonat variantini tanlash uchun barcha banklarni o‘rganib chiqish tavsiya etiladi. Ushbu ma’lumotlar sizga eng qulay, foydali bo‘lgan omonat turini topishga va pullaringizni sizga ishlashida yordam beradi.
Omonat tanlash bo‘yicha tavsiyalar
Omonat tanlashda quyidagi omillarni inobatga olish muhim:
• Foiz stavkasi: Foiz stavkasi qanchalik yuqori bo‘lsa, daromad ham shunchalik katta bo‘ladi.
• Omonat muddati: Pul mablag‘larini qancha muddatga chiqarib qo‘yishga tayyor ekanligingizni aniqlang.
• Qo‘shimcha mablag‘ kiritish va qisman yechib olish imkoniyati: Ba’zi omonatlar qo‘shimcha mablag‘ kiritish yoki ma’lum qismini olib qo‘yish imkonini beradi.
• Muddatidan oldin yopish shartlari: Omonatni muddatidan oldin yopish shartlari va jarimalarini o‘rganing.
• Bankning ishonchliligi: Tanlagan bankingizning obro‘si va moliyaviy barqarorligiga e’tibor bering.
Depozit hisobini ochish tartibi
Bunga bankning filialiga tashrif buyurish yoki (agar bank bunday imkoniyatni taklif qilsa) onlayn-bankingdan foydalanish orqali erishish mumkin. Kerakli hujjatlar:
• Pasport yoki ID-karta;
• STIR (zarur bo‘lsa);
• Ayrim holatlarda – mablag‘ manbasini tasdiqlovchi hujjat (masalan, katta summa kiritilganda).
Depozitga mablag‘ kiritish
Depozitni quyidagi usullar orqali to‘ldirish mumkin:
• Bank kassasi orqali naqd pulda – pasport va naqd mablag‘ bilan bank filialiga tashrif buyurish kerak;
• Bank kartasi yoki hisob raqami orqali o‘tkazma – shu yoki boshqa bankdan o‘tkazish;
• Mobil ilova orqali – agar bank depozit hisobini to‘ldirish imkoniyatini taqdim etsa.
Mablag‘ kiritilgandan so‘ng mijozga to‘lov kvitansiyasi yoki elektron tasdiqnoma taqdim etiladi.
Foizlarni hisoblash
Foizlar depozit shartnomasiga muvofiq hisoblanadi va odatda har oy, har chorakda yoki muddat tugaganda to‘lanadi.
Pullarni qaysi valyutada saqlagan ma’qul?
Ko‘pchilikni shu savol qiynaydi. Milliy valyutadagi omonatlar yuqori daromadli bo‘lib, ular omonatchiga daromad keltiradi. Shuni ham unutmasligimiz kerakki, ular qadrsizlanishi ham mumkin. Pul mablag‘lari bankda bo‘lgan paytida AQSH dollarida hisoblangan omonat qiymati pasayishi mumkin. Dollardagi omonatlar esa, aksincha-daromad keltirish past bo‘ladi, biroq bunda valyuta kursidagi o‘zgarishlardan himoyalaniladi.
Qaror qabul qilishdan oldin tanlangan omonat shartlari bilan batafsil tanishib chiqish va zarur bo‘lsa, moliyaviy maslahatchi bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ