Gulnora Karimovaning musodara qilingan pullari qayerga sarflanishi ma’lum bo‘ldi
Bungacha olingan $87 mlnlik mablag‘lar sog‘liqni saqlash va ta’limga sarflanmoqda

Gulnora Karimova noqonuniy o‘zlashtirgan Shveysariyadagi mablag‘lardan 95 million dollari O‘zbekistonga qaytarilgan. Bu haqda 24-aprel kuni Olmaliq shahrida o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov ma’lum qildi.
Mas’ulga ko‘ra, musodara qilingan $131 mlnni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ayni paytgacha mamlakatga kelib tushgan $87 mlnlik mablag‘lar sog‘liqni saqlash va ta’limga sarflanmoqda (har bir sohaga $43,5 mlndan). Xususan, sog‘liqni saqlash sohasida respublikamizdagi 230 ta perinatal markaz uchun 23 turdagi 5 ming 841 dona zamonaviy tibbiy uskuna sotib olindi. Iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan yana 1 ming 400 dan ortiq tibbiy jihozlar olib kelinishi ko‘zda tutilgan. hu bilan birga, BMT tashkilotlari tomonidan 11 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimlari o‘qitildi. Tug‘ruq muassasalarida tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 29 ta milliy protokol va qo‘llanmalar jahon standartlari asosida yangilandi.
Otabek Fozilkarimovning bildirishicha, Gulnora Karimova noqonuniy o‘zlashtirgan Belgiyadagi mablag‘lardan $108 mln O‘zbekistonga qaytarilishi kutilmoqda. Bu bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti.
Shveysariyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiyning ma’lum qilishicha, Shveysariyada musodara qilingan jami $313 mln O‘zbekistonga qaytariladi.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Mahl Gulnora Karimova o‘g‘irlagan pullar o‘zbek xalqiga tegishli ekanligini aytdi.
“Gulnora Karimova o‘g‘irlagan pullar o‘zbek xalqiga tegishli. Shu bois musodara qilingan mablag‘lar birinchi navbatda sog‘liqni saqlash va ta’limga yo‘naltirilmoqda”, deydi u.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Shveysariya va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida birinchi transh doirasida — $131 mln, ikkinchi transh doirasida — $182 mln miqdoridagi mablag‘larni qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Mablag‘lar Restitutsiya shartnomasida belgilangan miqdorlarda bosqichma-bosqich transfer qilinadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ