Kartadan kartaga pul o‘tkazmalarida to‘lov maqsadini ko‘rsatishni talab qilish boshlandi
Markaziy bank yangi o'zgarishlar yuzasidan izoh berdi
Foto: Kapital.uz
Bir qator fintex-kompaniyalar foydalanuvchilardan karta orqali pul o‘tkazmalarida mablag‘ yuborish sababini tanlashni talab qila boshladi. Markaziy bank mazkur holat yuzasidan Kapital.uzga izoh berdi.
Qayd etilishicha, raqamli servislarni rivojlantirish doirasida banklar va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalar funksionalini bosqichma-bosqich yangilashi mumkin. Jumladan, pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda aniqlashtiruvchi parametrlar qo‘shilishi ehtimoli mavjud.
Mazkur o‘zgarishlar texnik xususiyatga ega bo‘lib, servis faoliyatini takomillashtirish va operatsiyalarni to‘g‘ri qayta ishlashga qaratilgan. Yangilanishlarning formati va hajmi har bir moliyaviy tashkilot tomonidan mobil ilova arxitekturasi inobatga olingan holda mustaqil belgilanadi.
Endilikda foydalanuvchi pul jo‘natishda 16 ta variantdan birini tanlashi shart. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- tovarlar yoki savdo operatsiyalari uchun to‘lov;
- oziq-ovqat bilan bog‘liq xarajatlar;
- qarzni qaytarish;
- moddiy yordam;
- oila a’zolari yoki qarindoshlarga o‘tkazma;
- sovg‘a;
- yetkazib berish xizmati uchun to‘lov;
- ijara haqi;
- kommunal to‘lovlar;
- safar bilan bog‘liq xarajatlar;
- ta’lim xarajatlari;
- tibbiy xarajatlar;
- xayriya badali;
- “minnatdorchilik uchun” to‘lov (choychaqa);
- ko‘ngilochar xarajatlar;
- investitsion o‘tkazmalar.
Markaziy bank foydalanuvchi tomonidan kiritilgan ma’lumotlar faqat mobil ilova doirasida qayta ishlanishi va uchinchi shaxslarga uzatilmasligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, regulyator o‘tkazmalar summasiga yoki tranzaksiyalarni amalga oshirishga doir hech qanday cheklovlar joriy etilmayotganini alohida qayd etdi. To‘lovlarni amalga oshirish tartibi o‘zgarishsiz qoladi. Yangilanishlar faqat interfeys qismiga — operatsiyani tasdiqlash jarayonida qo‘shimcha tugma yoki qisqa aniqlashtiruvchi maydon qo‘shilishiga taalluqli.
Regulyator foydalanuvchilarga o‘tkazmani tasdiqlashdan avval rekvizitlarni diqqat bilan tekshirish, tasdiqlash kodlarini uchinchi shaxslarga bermaslik hamda moliyaviy qarorlarni puxta o‘ylab qabul qilishni tavsiya etdi. Banklar ushbu tavsiyalarni o‘z mobil servislarining arxitekturasidan kelib chiqib mustaqil ravishda amalga oshiradi.
Markaziy bank, shuningdek, xalqaro tajribada bunday amaliyotlardan keng foydalanilayotganini qo’shimcha qildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ