O‘zbekistonda propan narxini sun’iy oshirgan 31 ta kompaniyaga jarima qo‘llandi
Raqobat qo‘mitasi asossiz olingan 34,1 mlrd so‘m mablag‘ni davlat byudjetiga undirdi
Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi tomonidan propan bozorida narxlarni sun’iy oshirish holatlari yuzasidan 31 ta xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan choralar ko‘rildi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil noyabr-dekabr hamda 2026-yil yanvar oylarida ayrim kompaniyalar birja savdolarida boshlang‘ich narxlarni asossiz oshirgani va mahsulot hajmini sun’iy ravishda savdoga chiqarmagani aniqlangan. Bu esa propan narxining keskin ko‘tarilishiga olib kelgan.
Qo‘mita tomonidan ko‘rilgan tezkor choralar natijasida bozorda propan narxi 21%gacha pasaytirilgan.
O‘rganishlar davomida barcha 31 ta subyekt tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilgani e’tirof etildi. Shundan 12 ta kompaniyada birja savdolarida raqobatga zid keluvchi kelishilgan harakatlar aniqlangan. Qolgan subyektlarda esa narxlarni asossiz oshirish va mahsulotni qonunchilikka zid ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotish holatlari qayd etilgan.
Natijada, Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, qonunbuzarlik sodir etilgan davrdagi tovar aylanmasiga nisbatan jami 28,9 mlrd so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi. Shuningdek, asossiz olingan 34,1 mlrd so‘m mablag‘ni davlat byudjetiga undirish belgilandi.
Bundan tashqari, kompaniyalarga qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Qo‘mita qaroridan norozi tomonlar Apellyatsiya kengashi yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ