Propan bo‘yicha chora-tadbirlar natijasida birja narxlari 18% ga pasaydi
Shuningdek, 92 ta import qiluvchi korxonaga ish qo‘zg‘atildi
Фото: ТАСС
Suyultirilgan gaz mahsuloti realizatsiyasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etildi. Propan narxlarini barqarorlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida birja savdolarida o‘rtacha narxlar 9,3 mln so‘mdan 7,8 mln so‘mgacha, ya’ni 18% ga pasaygan.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil noyabr–dekabr oylarida hamda 2026-yil yanvar oyida propanning birja savdolarida boshlang‘ich narxlarni asossiz oshirish va mahsulot hajmlarini sun’iy ravishda savdolarga chiqarmaslik orqali raqobatga zid bo‘lgan muvofiqlashtirilgan harakatlar amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin.
Ushbu holatlar yuzasidan 92 ta import qiluvchi korxonaga nisbatan monopoliyaga qarshi ish qo‘zg‘atilgan. Jumladan:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 5 ta,
- Andijon viloyati — 7 ta,
- Buxoro viloyati — 3 ta,
- Farg‘ona viloyati — 13 ta,
- Namangan viloyati — 4 ta,
- Qashqadaryo viloyati — 5 ta,
- Samarqand viloyati — 17 ta,
- Sirdaryo viloyati — 4 ta,
- Toshkent shahri — 21 ta,
- Toshkent viloyati — 1 ta,
- Xorazm viloyati — 12 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt.
Shuningdek, chakana narxlarning asossiz oshib ketishining oldini olish maqsadida yoqilg‘i quyish shoxobchalarida doimiy monitoring ishlari olib borilayotgani ta’kidlandi.
Kuni kecha Raqobat qo‘mitasi O‘zbekistonda propan narxi oshganiga izoh berib, bu bozorda import mahsulot ulushi va narxining oshishi hisobiga yuzaga kelayotganini bildirgandi. Ichki bozorda suyultirilgan gaz narxlarini barqarorlashtirish maqsadida vakolat doirasida tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi narxlar yuzasidan doimiy monitoring o‘rnatilgani ma’lum qilingandi.
Kapital.uz avvalroq Birjada propan narxi yil boshidan 15%ga oshgani va chakana bozorda propan narxi 8 kunda 6 100–6 200 so‘mdan 6 800–7 000 so‘mgacha yetgani haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ