Toshkent viloyatidagi sanoat zonasi boshqaruvi Vengriyaning Inpark operatoriga beriladi

Prezident Vengriyaning 10 dan ortiq yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi

Toshkent viloyatidagi sanoat zonasi boshqaruvi Vengriyaning Inpark operatoriga beriladi

Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Budapeshtga rasmiy tashrifi Vengriyaning yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvdan boshlandi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Vengriya tomonidan OTP Bank, BDPST Group, 4iG, Indotek, MVM, Duna Group, MOL Group, H2O Consortium, Inpark, Wizz Air va boshqa ko‘plab kompaniyalarning top-menejerlari va ta’sischilari ishtirok etdi.

Davlat rahbari o‘z nutqida rasmiy tashrif Vengriya ishbilarmonlari bilan uchrashuvdan boshlanayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi. Vengriyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari o‘sib borayotgani qayd etildi. Masalan, OTP Bank O‘zbekistonning yirik banklaridan birini sotib olib, O‘zbekiston moliya bozorida barqaror o‘rin egalladi.

Kompaniyaning avtokreditlashni rivojlantirish uchun qo‘shma kompaniya tashkil etish, biznesni moliyalashtirish dasturini yo‘lga qo‘yish, yirik parrandachilik klasterini qurish bo‘yicha yangi rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ilg‘or texnologiyalar transferini rag‘batlantirish maqsadida Toshkent viloyatida Yevropa kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Ushbu hududni boshqarish Vengriyaning Inpark operatoriga beriladi.

Iqtisodiy sheriklikni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston prezidenti qator ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi. Qo‘shma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish va tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlarning istiqbolli bozorlariga eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan.

Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, xususan, yuk tashishni ko‘paytirish va ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi. Davlat rahbari Vengriya kompaniyalarining qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqishini yuksak baholadi. O‘z navbatida, biznes vakillari hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taklif va rejalarini bildirdi.

Uchrashuvda transport va yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, logistika markazlari va kommunal tarmoqlarni barpo etish, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

So‘zining yakunida Shavkat Mirziyoyev bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borishni taklif etdi.

Biz mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi mustahkam aloqalarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratamiz, dedi prezident.

Tadbir yakunida O‘zbekiston prezidenti huzurida ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar almashish marosimi bo‘ldi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda eskirgan liftlarni yangilash va ta’mirlashga qariyb 850 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
/
O‘zbekistonda eskirgan liftlarni yangilash va ta’mirlashga qariyb 850 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi 17 sanksiyalar paketida O‘zbekiston korxonalari ham bor
/
Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi 17 sanksiyalar paketida O‘zbekiston korxonalari ham bor
Jahon banki O‘zbekistonga $35 mln imtiyozli kredit ajratadi
/
Jahon banki O‘zbekistonga $35 mln imtiyozli kredit ajratadi