Toshkent shahar hokimligi Xitoy bilan $3,5 mlrddan ortiq investitsiya bitimlarini imzoladi

Ularning eng yirigi Toshkent yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun $1 mlrd investitsiya jalb etishni nazarda tutadi

Toshkent shahar hokimligi Xitoy bilan $3,5 mlrddan ortiq investitsiya bitimlarini imzoladi

Toshkent shahri delegatsiyasi Xitoyning Sian shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Xitoy hududlararo forumida umumiy qiymati $3,5 mlrddan ziyod bo‘lgan investitsiya va hamkorlik bitimlarini imzoladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Forum doirasida tomonlar shahar infratuzilmasi, transport tizimi, qurilish, ekologiya va sanoatni rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni muhokama qildi. Jumladan, jamoat transportini takomillashtirish, avtoturargohlar tarmog‘ini kengaytirish hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikka kelishib olindi.

Qayd etilishicha, loyihalar davlat byudjeti mablag‘lari yoki davlat kafolatlarini jalb qilmagan holda, Xitoy kompaniyalari tomonidan EPC+F modeli asosida moliyalashtiriladi. Toshkent hokimligi esa kelgusida shahar byudjetining qo‘shimcha daromad manbalari hisobidan ushbu loyihalarni bosqichma-bosqich moliyalashtirishni rejalashtirmoqda.

Forum yakunlari bo‘yicha jami sakkizta investitsiya shartnomasi imzolandi. Ularning eng yirigi Toshkent yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, BRT avtobus yo‘laklari va yo‘l o‘tkazgichlari qurish uchun $1 mlrd investitsiya jalb etishni nazarda tutadi.

Yana $1 mlrd transport va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini rivojlantirishga, $500 mln esa renovatsiya hududlarida ko‘p qavatli uy-joy majmualarini barpo etishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, quyidagi loyihalar bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi:

  • drenaj, irrigatsiya va yomg‘ir suvlari tizimini modernizatsiya qilish — $400 mln;
  • dekorativ tosh mahsulotlari ishlab chiqarish — $150 mln;
  • keramika mahsulotlari ishlab chiqarish — $150 mln;
  • brendlashtirilgan “kecha-kunduz ko‘chalar”ni tashkil etish — $100 mln;
  • chiqindilarni saralash uchun aqlli uskunalar ishlab chiqarish — $50 mln.

Bundan tashqari, “Yangi avlod” sanoat zonasini rivojlantirish bo‘yicha Jwise, Zhongke Honghu, CAS Cloud va UMGG kompaniyalari bilan $130 mlnlik hamkorlik bitimlari imzolandi. Ushbu loyihalar hududning ishlab chiqarish va texnologik salohiyatini oshirish, shuningdek, zamonaviy boshqaruv yechimlarini joriy etishga qaratilgan.

Forum doirasida O‘zbekiston zargarlik mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha $150 mlnlik uchta shartnoma imzolandi. $5 mlnlik ip-kalava va $1 mlnlik kumush konsentrati yetkazib berish rejalashtirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda 2030-yilgacha beshta yangi sel-suv ombori quriladi
/
O‘zbekistonda 2030-yilgacha beshta yangi sel-suv ombori quriladi
O‘zbekistonga gaz importi to‘rt oyda $500 mlndan oshdi
/
O‘zbekistonga gaz importi to‘rt oyda $500 mlndan oshdi
Metan zapravkalarda gaz narxi 5 750 so‘m darajasiga yetdi
/
Metan zapravkalarda gaz narxi 5 750 so‘m darajasiga yetdi