O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirish masalasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi
Bunda erkaklar uchun 60 yoshdan 63 yoshgacha, ayollar uchun 55 yoshdan 58 yoshgacha etib belgilanadi

O‘zbekistonda yoshga doir pensiyaga chiqishning yosh chegarasini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi ma’lumotni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijrochi matbuot xizmati Kapital.uz’ga tasdiqladi.
Loyihaga ko‘ra, pensiya yoshini erkaklar uchun 60 yoshdan 63 yoshga, ayollar uchun 55 yoshdan 58 yoshga oshirish taklif qilinyapti. Yosh chegarasini oshirishni har yili yarim yilga ko‘tarish orqali bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgan.
Atadjanovning ta’kidlashicha, dunyoning bir qator mamlakatlarida pensiya yoshi chegarasi 65 yoshdan yuqori. O‘zbekiston 1993-yilda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganidan beri pensiya yoshi o‘zgarmagan kam sonli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda.
“Faqat O‘zbekiston qoldi, boshqa davlatlar esa pensiya yoshini allaqachon oshirgan”, — deydi u.
Pensiya jamg‘armasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda umr ko‘rish davomiyligi o‘sib bormoqda va Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rtacha 75 yoshga yetadi. Ilgari pensionerlar pensiyaga chiqqandan keyin o‘rtacha 8−9 yil umr ko‘rgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich erkaklarda 12,5 yil va ayollarda 20 yilni tashkil etmoqda.
U, shuningdek, pensiya yoshini oshirish bo‘yicha qaror hali qabul qilinmaganini qayd etdi. Aholining takliflarini yig‘ish maqsadida maxsus platforma ishga tushirilishi rejalashtirilgan, buning uchun bir oy vaqt ajratiladi. Kelib tushgan g‘oyalar tahlil qilingach, islohot loyihasi takomillashtiriladi va jurnalistlar hamda blogerlar ishtirokida muhokamaga qo‘yiladi.
Shuningdek, Atadjanov pensiya yoshini yiliga olti oy emas, uch oyga oshirish kabi yumshoqroq ssenariy ham ko‘rib chiqilishini qayd etib o‘tdi. Bunday holda, bir yilga oshirish to‘rt yil davom etadi va butun islohot 12 yilga cho‘ziladi.
O‘tgan yilning iyul oyida Strategik islohotlar agentligi O‘zbekistonda norasmiy bandlik yuqoriligi sababli pensiya tizimi qamrovi atigi 38% ni tashkil etishini ma’lum qilgan edi. Boshqa mamlakatlarga nisbatan badallar darajasi yuqori ekaniga qaramay (12−25%), to‘lovlar o‘rtacha darajada saqlanib qolmoqda. Agentlik o‘shanda mamlakat pensiya tizimini munosib tarzda tashkil qilish qilish imkoniyatlarini o‘rganib chiqqan.
2024-yil dekabr oyida O‘zbekistonda pensiya islohoti bo‘yicha seminar o‘tkazildi hamda shu seminar doirasida konseptual hujjatni tayyorlash boshlandi. Uni mamlakat prezidentiga 2025-yil sentabrgacha taqdim etish rejalashtirilgan (dastlab 2025-yil 1-martgacha taqdim etish rejalashtirilgan edi).
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ