2027-yildan pensiya hisoblashda ish haqi limiti 6,6 mln so‘mga oshirilishi rejalashtirilmoqda

Shuningdek, pensiya hisoblanadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilgacha uzaytirish taklif etilmoqda

2027-yildan pensiya hisoblashda ish haqi limiti 6,6 mln so‘mga oshirilishi rejalashtirilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda so‘nggi o‘n yilda pensiya miqdori 3,3 barobar oshirilgani, eng kam pensiya miqdori esa minimal iste’mol xarajatlaridan yuqori darajada belgilanganiga e’tibor qaratildi. Agar 2021-yilgacha 1,1 mln nafar fuqaroning pensiyasi 400 ming so‘mdan kam bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda eng kam pensiya 878 ming so‘mni, minimal iste’mol xarajatlari esa 715 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini takomillashtirish, xususiy va korporativ pensiya tizimlarini rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari bunday tizim iqtisodiyot uchun uzoq muddatli moliyaviy resurslarni shakllantirish imkonini berishini ta’kidlagan.

Hozirda fuqarolar ish haqining 0,1%i jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘larga hisoblanadigan yillik 10% daromad bank omonatlariga nisbatan deyarli ikki baravar past ekani sababli tizim jozibadorligini oshirish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilindi.

Xususan, oylik ish haqi 7,6 mln so‘mgacha bo‘lgan fuqarolar jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga ish haqining 5%ini yo‘naltirsa, davlat tomonidan qo‘shimcha 2,5% mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda. Daromadi 7,6 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar uchun esa ushbu miqdordan ortiq qism bo‘yicha to‘langan ijtimoiy soliqning 1%ini pensiya hisobvarag‘iga o‘tkazish taklif etildi.

Pensiya hisoblash tartibini takomillashtirish ham muhokama qilindi. Amaldagi tartibga ko‘ra, pensiya mehnat faoliyatining oxirgi o‘n yilligidagi besh yillik ish haqi asosida hisoblanadi hamda 6 mln so‘mdan yuqori ish haqi inobatga olinmaydi. Bu ayrim hollarda pensiya miqdorining kamayishiga olib kelmoqda.

Shu bois pensiya hisoblanadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilgacha uzaytirish, past daromad olingan ayrim davrlarni hisobdan chiqarish hamda 2027-yildan pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini 6 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mga oshirish taklif qilindi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlar natijasida yangi tartib asosida pensiyaga chiqadigan fuqarolarning pensiyasi amaldagi tizimga nisbatan o‘rtacha 8% ga oshishi mumkin.

Davlat rahbari pensiya tizimidagi islohotlar millionlab fuqarolarning hayoti va kelajagiga daxldor ekanini ta’kidlab, har bir taklifning ijtimoiy va iqtisodiy ta’siri puxta hisob-kitob qilinishi lozimligini qayd etdi.

Shuningdek, pensiya tizimidagi o‘zgarishlarni aholi, ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirokida ochiq muhokama qilish, islohotlarning mazmuni va kutilayotgan natijalarini fuqarolarga batafsil tushuntirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mutasaddilarga xorijiy tajribani chuqur o‘rganish hamda xususiy va korporativ pensiya tizimlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda dollar kursi pasayishni boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi pasayishni boshladi
Eduard Kovtun O‘zbekistondagi Uklon’ga general menejer lavozimiga tayinlandi
/
Eduard Kovtun O‘zbekistondagi Uklon’ga general menejer lavozimiga tayinlandi
14 ta xalqaro moliya tashkilotiga so‘mda obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berildi
/
14 ta xalqaro moliya tashkilotiga so‘mda obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berildi