Paramount Warner Bros.ni $108,4 mlrdga sotib olishni taklif qildi
Kompaniya Netflix taklifidan ustun chiqmoqchi, aksiyadorlarga har bir qimmatli qog‘oz uchun $30 to‘lashni rejalamoqda
Фото: Getty Images
Amerikalik mediaxolding Paramount Skydance Warner Bros. Discovery (WBD) kompaniyasini to‘liq sotib olishga tayyorligini ma’lum qildi va shu orqali Netflix bilan raqobatga kirishdi.
Kompaniya WBD’ni Global Networks bo‘limi bilan birga sotib olishni taklif qilmoqda. Narx — bir dona aksiya uchun $30. Bu 10 sentabr holatiga ko‘ra bozordagi $12,54 bahodan 139% yuqori. Bitimning umumiy qiymati $108,4 mlrdga baholanmoqda.
Paramount vakillarining qayd etishicha, ularning taklifi WBD aksiyadorlari uchun Netflix variantiga nisbatan strategik va moliyaviy jihatdan ma’qulroq. Netflix taklifida yakuniy narx aniq emasligi, to‘lov tuzilmasi murakkabligi (aksiya va naqd pul aralash) hamda bitimni tartibga soluvchi organlar tomonidan tasdiqlash jarayoni uzoq vaqt talab qilishi mumkinligi xavf sifatida tilga olinmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi 12 hafta davomida WBD rahbariyatiga olti marta taklif yuborilgan, biroq ularga munosabat bildirilmagan. Shu sababli Paramount aksiyadorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, yanada foydaliroq shartlarni taqdim etishga qaror qilgan.
Bungacha Netflix WBD’ni sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qilgandi. U kompaniya kapitalini $72 mlrd (qarz bilan birga umumiy baho — $82,7 mlrd) miqdorida baholagan. Kelishuv Discovery Global’ni alohida tuzilma sifatida ajratib chiqilgach, 2026-yilning uchinchi choragida yakunlanishi rejalashtirilgan edi. Bitim HBO platformalari va yirik mediafranshizalar huquqlarini ham o‘z ichiga oladi. Netflix taklifiga ko‘ra, aksiyalar uchun $27,75 to‘lash ko‘zda tutilgan bo‘lib, to‘lov qisman pul, qisman qimmatli qog‘ozlar orqali amalga oshirilishi belgilangan. Biroq ekspertlar bu kelishuv AQSh va Yevropa antimonopoliya organlari tomonidan chuqur tekshirilishini taxmin qilgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ