“O‘zbekneftgaz” gaz qazib olishni sutkasiga 4,36 mln kub metrga oshirishni rejalashtirmoqda
Shuningdek, yil oxirigacha gaz kondensati, oltingugurt ham hajmning 120% igacha yetkazishni maqsad qilgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
“O‘zbekneftgaz” yangi quduqlarni ishga tushirish va amaldagi quduqlarni kapital ta’mirlash hisobiga tabiiy gaz qazib olishning sutkalik hajmini 4,36 mln kub metrga oshirishni rejalashtirmoqda. Bunday vazifalar kompaniya raisi Abdug‘ani Sanginov raisligida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda belgilandi.
Qayd etilishicha, to‘qqiz oylik davr yakuniga 24 kun qolgan. Shu vaqt ichida kompaniya avgust va sentabr oylarida ishga tushirilishi rejalashtirilgan quduqlarni foydalanishga topshirishi kerak. Bu sutkalik gaz qazib olish hajmini 3,9 mln kub metrga oshirish imkonini beradi. Yana 460 ming kub metr gazni 16 ta quduqni kapital ta’mirlash hisobiga olish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, kompaniya tabiiy gaz qazib olish sur’atlarini o‘tgan yilning mos davri darajasida barqarorlashtirish hamda har bir kon, quduq va ishlab chiqarish obyektining ko‘rsatkichlari ustidan nazoratni kuchaytirishni maqsad qilgan.
Qayta ishlash yo‘nalishida yil oxirigacha gaz kondensati, oltingugurt va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini amaldagi ko‘rsatkichning 120% igacha oshirish vazifasi qo‘yildi. Yig‘ilishda neft mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarni xomashyo bilan ta’minlash, avariyaviy to‘xtashlarning oldini olish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi. Kompressor stansiyalarini 1-oktabrgacha to‘liq ishga tayyorlash topshirildi.
Yig‘ilishda raqamlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Kompaniyada E-KON, “Burg‘ilash markazi”, ERP va BI tizimlarini joriy etish hamda neft bazalarini raqamlashtirish ishlarini yakunlashning aniq muddatlari belgilandi.
Biz raqamlashtirishni taqdimotlar va hisobotlarda emas, balki ishlab chiqarish samaradorligida ko‘rishimiz kerak, — dedi Sanginov.
Bundan tashqari, 2027-yil uchun geologiya-qidiruv ishlari, geologik-texnik tadbirlar, qazib olish va ishlab chiqarish balansi, qurilish va investitsiya dasturlari hamda xaridlar portfelini shakllantirishga hozirdanoq kirishish topshirildi.
Kompaniya mahalliylashtirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ham vazifalarni belgiladi. Sanginov rejalar ijrosini har kuni nazorat qilishni talab qildi va har bir yo‘nalish bo‘yicha yakuniy natija uchun rahbarlarning shaxsiy javobgarligini ta’kidladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ