“O‘zbekneftgaz” Xitoy kompaniyasi bilan 30 ta quduq burg‘ilash bo‘yicha bitim tuzdi
Loyiha doirasida 10 ta burg‘ilash dastgohi olib kelinadi
Foto: “O‘zbekneftgaz”
“O‘zbekneftgaz” Xitoyning CNPC milliy korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi XIBU kompaniyasi bilan 2026−2027-yillarda 30 ta quduqni burg‘ilash bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Kelishuvga ko‘ra, burg‘ilash ishlarini amalga oshirish uchun yuk ko‘tarish quvvati 450 tonnagacha bo‘lgan 10 ta burg‘ilash dastgohini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan.
Loyiha “O‘zbekneftgaz” boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginovning Xitoyga xizmat safari doirasida neft-gaz sohasidagi yetakchi kompaniyalar bilan o‘tkazgan muzokaralari natijasida amalga oshirilmoqda. Ilgari tomonlar 2026−2029-yillar davomida O‘zbekistonda jami 105 ta quduqni burg‘ilash bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilgan edi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangi quduqlar tabiiy gaz zaxiralari istiqbolli deb topilgan maydonlarda burg‘ilanadi. Ularning chuqurligi 5,5 ming−6 ming metrdan ortiq bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, ayrim quduqlarda 1000 atmosferagacha bo‘lgan yuqori bosim va 200 darajagacha harorat kuzatilgani qayd etilgan. Kompaniyaga ko‘ra, loyiha murakkab geologik sharoitlarda xavfsiz burg‘ilashni ta’minlash, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish va mamlakat gaz zaxiralarini oshirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 12-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining kelgusidagi vazifalari va rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishgan edi. Taqdimotda energetik xavfsizlikni ta’minlash, gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirish va geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish bo‘yicha qator aniq topshiriqlar berilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ