O‘zbekistonda AТТО va PAYNET yonilg‘i kartasini ishga tushirdi
Yangi to‘lov vositasi AYOQShlarda naqdsiz hisob-kitoblarni soddalashtirishga qaratilgan
O‘zbekistonda AТТО va PAYNET kompaniyalari hamkorligida yangi raqamli mahsulot — yonilg‘i kartasi joriy etilmoqda. Loyiha Prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi PF-246-son farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Yangi tizim 2026-yil 1-apreldan boshlab ishga tushiriladi va AYoQShlarda naqdsiz to‘lovlarga o‘tishni yengillashtirishni maqsad qiladi.
Yonilg‘i kartasini haydovchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri AYoQSh kassalaridan xarid qilishi mumkin. Bunda bank kartasi yoki mobil ilova talab etilmaydi. Operatorlar karta berilgan zahoti uni faollashtirib, SMS-xabarnoma xizmatini ham ulab beradi.
Karta AТТО tizimi orqali avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazilib, PAYNET ekotizimida elektron hamyon ochiladi. To‘lovlar esa UZCARD terminallari orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, kartani PAYNET va AТТО mobil ilovalari, PAYNET to‘lov terminallari hamda AYoQSh operatorlari orqali to‘ldirish mumkin. Tizim bir tegishda to‘lov qilish imkoniyati bilan tezkor va qulay tranzaksiyalarni ta’minlaydi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi mahsulot nafaqat to‘lov vositasi, balki xarajatlarni real vaqt rejimida nazorat qilish va moliyaviy operatsiyalar shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Hozirda loyiha respublika bo‘ylab hamkor AYoQSh tarmoqlarida bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ