O‘zbekiston va Belarus savdo hajmini 2030-yilgacha $2 mlrdga yetkazadi
Tomonlar Shavkat Mirziyoyevning Minskka tashrifi arafasida qo‘shma loyihalar bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tayyorlamoqda
Фото: Белта
Abdulla Aripov va Alexander Turchin Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda o‘zaro savdo hajmini 2030-yilgacha $2 mlrdga yetkazish strategiyasini muhokama qildi. Bu haqda BelTA xabar berdi.
Hozirda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb $1 mlrdni tashkil etmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, savdo hajmi 25% ga oshgan. Keyingi bosqichda vazirlik va idoralar yangilangan hamkorlik “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqmoqda. Mazkur hujjat Shavkat Mirziyoyevning Minsk shahriga rejalashtirilgan tashrifi davomida tasdiqlanishi kutilmoqda.
Mashinasozlik sohasida BELAZ kon samosvallari va MTZ traktorlari yig‘ilishini mahalliylashtirish ishlari davom etmoqda. Texnik mutaxassislar tayyorlash maqsadida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bazasida joriy yil 1-sentabrga qadar maxsus o‘quv sinfi ochiladi. Shuningdek, kabel mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasining dastlabki bosqichi yakunlanmoqda.
Yengil sanoatda “Mark Formelle” kompaniyasi Toshkent va Andijon viloyatlarida tikuvchilik quvvatlarini ishga tushirgan. “Marko” korxonasi yiliga 250 ming juftdan ortiq poyabzal ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Kelgusida yog‘ochni qayta ishlash va farmatsevtika sohalarida ham qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Agrosanoat majmuasida Belarusning “Servolux” xoldingi tomonidan to‘liq siklli parranda go‘shti ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Belarus ko‘chatlari asosida ko‘k meva (golubika) yetishtirish, chorvachilikni raqamlashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish yo‘nalishlarida ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, Belarus Bosh vaziri va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi uchrashuvda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Davlat rahbari o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra savdo hajmi 25% ga oshganini qayd etdi. Prezident yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish, xususan elektrotexnika va oziq-ovqat sanoatidagi loyihalarni ilgari surish zarurligini ta’kidladi. Hududlararo aloqalarni mustahkamlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ