O‘zbekiston sentabr oyida dunyoda oltin sotgan yagona mamlakatga aylandi
Markaziy bank bir oy ichida 4 tonna oltin sotgan, yillik kesimda esa sotuv hajmi 21 tonnani tashkil etdi
Фото: Bloomberg
O‘zbekiston sentabr oyida dunyodagi yagona oltin sotuvchisi bo‘ldi, deyiladi Jahon oltin kengashi (World Gold Council) hisobotida.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi va ochiq manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyida markaziy banklar tomonidan jami 39 tonna oltin sotib olingan — bu 2025-yildagi eng yuqori oylik ko‘rsatkich hisoblanadi.
Jami 43 tonna qimmatbaho metall xarid qilingan. Eng yirik xaridor — Braziliya Markaziy banki bo‘lib, u 15 tonna oltin sotib olgan. Uchlikka Qozog‘iston (8 tonna) va Gvatemala (5 tonna) regulyatorlari ham kirgan. Rossiya, Turkiya, Chexiya, Xitoy va Gana ham nisbatan kichik hajmlarda xarid amalga oshirgan.
Yagona oltin sotuvchisi O‘zbekiston Markaziy banki bo‘lib, u 4 tonna oltin sotgan. Yillik kesimda respublika 21 tonna bilan dunyodagi eng yirik oltin sotuvchisi maqomini saqlab qolib, Singapur va Rossiyani ortda qoldirmoqda.
Joriy yil boshida O‘zbekiston Markaziy banki faol ravishda oltin sotgan edi. Biroq yoz oylaridan boshlab regulyator strategiyasini o‘zgartirib, qimmatbaho metallni xarid qilishga o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston oltin eksportidagi tarixiy maksimumni yangilab, $9,9 mlrdlik oltin sotdi. Sentabr oyining o‘zida $1,5 mlrdlik oltin eksport qilindi. Eksport tarkibida oltinning ulushi 37,1% ga yetdi.
Sentabrda O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $4,9 mlrdga ko‘payib, yangi tarixiy maksimumga — $55 mlrdga yetdi. Yil boshidan buyon zaxiralar hajmi 33,5% ga o‘sdi. O‘sish asosan zaxiradagi oltin qiymatining oshishi hisobiga ro‘y berdi. Zaxiralardagi oltinning qiymati $4,2 mlrdga oshib, $44,2 mlrdni tashkil etdi, ayni paytda oltinning fizik hajmi 11,8 mlndan 11,6 mln troya unsiyagacha kamaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ