O‘zbekistonda ko‘mir sohasini rivojlantirish uchun $5,5 mlrd yo‘naltiriladi
Yillik ko‘mir qazib olish hajmi 11 mln tonnagacha oshirilib, Angrenda yirik kon va qayta ishlash loyihalari ishga tushiriladi
O‘zbekiston ko‘mir sanoatini modernizatsiya qilish va ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun $5,5 mlrd miqdorida investitsiya yo‘naltiradi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.
Joriy kuz-qish mavsumida ko‘mir qazib olish hajmi 10 mln tonnaga yetkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,3 mln tonnaga ko‘pdir. Hozirga qadar 9 mln tonna ko‘mir qazib olingan. Kelgusi mavsumda bu ko‘rsatkich 11 mln tonnagacha oshiriladi.
Maqsadga erishish uchun janubiy hududlar va Toshkent viloyatidagi konlarni faol o‘zlashtirish, shuningdek, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Autsorsing orqali tadbirkorlar 2026-yilda qo‘shimcha 2,5 mln tonna ko‘mir yetkazib berishi kutilmoqda.
Angrendagi “Nishbosh” koni
Dastur doirasida Angrenda joylashgan “Nishbosh” konini o‘zlashtirish loyihasiga qariyb $500 mln investitsiya kiritiladi. Kon zaxiralari 233 mln tonnani tashkil etadi. Qazib olish ishlari 2026-yilda boshlanib, dastlab 1 mln tonna, keyinchalik yiliga 10 mln tonnagacha yetkaziladi. Loyiha 880 ta yangi ish o‘rni yaratadi.
Ko‘mirni chuqur qayta ishlash
Sanoat sohasida O‘zkimyosanoat tomonidan $5 mlrdlik ko‘mirni chuqur qayta ishlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu texnologiya yordamida 8–9 mln tonna xomashyodan yiliga 1,18 mln tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Uran sohasi ham kengaytiriladi
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili uran qazib olish hajmi 7 ming tonnaga yetgan, tasdiqlangan zaxiralar esa 139 ming tonnani tashkil etadi. Joriy yilda “Arnasoy”, “G‘arbiy Qizilko‘k”, “Janubiy Jongeldi” va “Sharqiy Agron” konlarida ishlar boshlanadi.
Shuningdek, qazib olish hajmining oshishi munosabati bilan qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish, korxonalarni texnik oltingugurt va sulfat kislotasi bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Mazkur choralar energiya xavfsizligini mustahkamlash, sanoatni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ