Shuningdek, fosfogipsni qayta ishlash va sulfat kislota ishlab chiqarish loyihasi ishga tushiriladi
Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatida 133 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish rejalari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Dastur umumiy qiymati $9,5 mlrd bo‘lgan 133 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Joriy yilda tarmoq va hududlar $2,5 mlrd investitsiya jalb etishni rejalashtirgan. Xususan, $1,3 mlrdlik 24 ta strategik tashabbus doirasida 7 ta yangi ishlab chiqarish obyektini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Tarmoq oldiga qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun 1,1 mln tonna azotli, 135 ming tonna fosforli va 222 ming tonna kaliyli o‘g‘it ishlab chiqarish vazifasi qo‘yilgan.
“O‘zkimyosanoat” boshqaruv raisi Odil Temirovning “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, davlat rahbari ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish bo‘yicha topshiriq bergan. Xususan, Toshkent viloyatidagi “AmmoFos-Maksam” korxonasi atrofida to‘plangan 78 mln tonna fosfogipsni qayta ishlash va undan sulfat kislota ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Loyiha xorijiy texnologiyalar asosida amalga oshirilib, toza oltingugurtdan foydalanishni kamaytirishga xizmat qiladi. Mazkur loyiha bo‘yicha investitsiyalar hajmini yil yakuniga qadar kamida ikki barobarga oshirish topshirilgan.
Tahlil davomida Qo‘ng‘irot soda zavodi, Dehqonobod kaliy zavodi va “Samarqandkimyo” korxonalarida ishlar sust ketayotgani tanqid qilindi. Shuningdek, “Farg‘onaazot” va “Navoiyazot” korxonalarini modernizatsiya qilish rejalari ko‘rib chiqilmoqda.
Janubiy Koreya bilan ilmiy hamkorlik doirasida gaz kimyosi, ko‘mir kimyosi va nanomateriallar yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib boradigan innovatsion markaz tashkil etiladi.
Tarmoqni raqamlashtirish doirasida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, o‘g‘itlarga bo‘lgan talabni prognozlash va ularning fermerlarga yetkazilishini nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Hisob palatasi bilan hamkorlikda energiya va xomashyo xarajatlarini qisqartirish orqali mahsulot tannarxini 10–15%ga kamaytirish rejalashtirilgan.
“O‘zkimyosanoat” kompaniyasi boshqaruv raisi Odil Temirovning “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusiga ko’ra, yig‘ilishda ekologik masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, “AmmoFos-Maksam” korxonasi faoliyati natijasida to‘plangan fosfogips chiqindilarini qayta ishlash masalasi muhokama qilingan. Fosfogips fosforli o‘g‘itlar va fosfor kislotasi ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan qo‘shimcha mahsulot (chiqindi) hisoblanadi.
Investitsiya loyihalari doirasida ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslar ham ko‘rib chiqilmoqda. Jumladan, “AmmoFos-Maksam” atrofida 78 mln tonna texnologik chiqindi — fosfogips to‘plangan, — dedi Temirov.
Shu munosabat bilan prezident mazkur chiqindilarni qayta ishlash va bugungi kunda yuqori talabga ega bo‘lgan sulfat kislota ishlab chiqarish loyihasini tezlashtirish bo‘yicha topshiriq bergan.
Loyiha amalga oshirilgach, sulfat kislota oltingugurtdan emas, balki qayta ishlangan fosfogipsdan ishlab chiqariladi. Buning uchun texnologiya puxta o‘rganilib, tanlab olingan. Endilikda uni joriy etishni jadallashtirish vazifasi qo‘yildi, — deya ta’kidladi Temirov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari yil yakuniga qadar loyiha bo‘yicha aniq choralarni belgilash va investitsiyalar hajmini kamida ikki barobarga oshirishni topshirgan.
“AmmoFos-Maksam” O‘zbekistondagi yirik korxonalardan biri bo‘lib, 1969-yilda (Olmaliq kimyo zavodi) ishga tushirilgan. Korxona Qizilqum konidagi fosforitlar asosida murakkab azot-fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqaradi. U “O‘zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiradi.