O‘zbekiston JCh–2026 ishtiroki uchun kamida $10,5 mln oladi
FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati uchun umumiy sovrin jamg‘armasini $727 mln etib tasdiqladi
Фото: FIFA
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) kengashi 2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etadigan terma jamoalar uchun moliyaviy to‘lovlarni tasdiqladi. Bu haqda FIFA xabar berdi. Qaror Dohada (Qatar) tashkilot kengashi yig‘ilishida qabul qilindi.
Bo‘lajak Jahon chempionatiga $727 mln yo‘naltiriladi, bu rekord summa hisoblanadi. Bu 2022-yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan turnirning sovrin jamg‘armasidan deyarli 50% ga ko‘proq. To‘lovlar milliy futbol assotsiatsiyalari — turnir ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanadi.
Umumiy summadan $655 mln sport natijalari uchun mukofot pullari sifatida ko‘zda tutilgan:
- chempion — $50 mln;
- finalchi (2-o‘rin) — $33 mln;
- 3-o‘rin (uchinchi o‘rin uchun o‘yindagi g‘alaba) — $29 mln;
- 4-o‘rin (uchinchi o‘rin uchun o‘yindagi mag‘lubiyat) — $27 mln;
- 5−8-o‘rinlar (chorak finalda mag‘lub bo‘lganlar) — $19 mlndan;
- 9−16-o‘rinlar (1/8 finalda qolib ketgan) — $15 mlndan;
- 17−32-o‘rinlar (11/16 finalda mag‘lub bo‘lganlar) — $11 mlndan;
- 33−48-o‘rinlar (guruh bosqichidan chiqa olmaganlar) — $9 mlndan.
Bundan tashqari, saralashdan o‘tgan har bir terma jamoa turnirga tayyorgarlik bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun $1,5 mlndan oladi. Shu tariqa, har bir jamoa uchun minimal kafolatlangan to‘lov $10,5 mlnni tashkil etadi.
FIFA prezidenti Janni Infantino 2026-yilgi Jahon chempionati “global futbol hamjamiyatiga moliyaviy hissa qo‘shish nuqtai nazaridan ham inqilobiy bo‘lishini” ta’kidladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ