O‘zbekiston davlat qarzi 2025-yilda $46,85 mlrdga yetdi
Bir yilda qarz $6,65 mlrdga oshdi, asosiy mablag‘lar xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Iqtisodiyot va moliya vazirligi jami kreditlar miqdori, qarzlar kimlardan olingani hamda qaysi sohalarga sarflanganini ochiqladi. 2025-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi $46,85 mlrddan oshdi. 2024-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich $40,2 mlrdni tashkil etgan edi. Shunday qilib, yillik o‘sish $6,65 mlrdni tashkil qildi.
Jami qarzning $39,8 mlrdi (85%) tashqi, $7 mlrd (15%) esa ichki qarz hissasiga to‘g‘ri keladi. Bir yil davomida tashqi qarz hajmi $6,1 mlrdga oshgan. Davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati 31,9% darajasida qayd etilgan.
Tashqi qarzlarning $22,3 mlrdi yoki 56% xalqaro moliya institutlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng yirik kreditor — Jahon banki bo‘lib, ajratilgan mablag‘ $8,95 mlrdni tashkil etadi. Osiyo taraqqiyot banki esa $8,35 mlrd bilan yirik qarz beruvchilar qatorida qayd etilgan.
Shuningdek, $11,66 mlrd (29%) xorijiy hukumatlarning moliya institutlari tomonidan taqdim etilgan. Yirik mablag‘lar Xitoy taraqqiyot davlat banki va Eksimbank tomonidan ajratilgan. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi ham qariyb $3 mlrd kredit bergan.
Bundan tashqari, xalqaro obligatsiyalar chiqarish orqali xorijiy investorlardan $5,9 mlrd miqdorida mablag‘ jalb qilingan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ