O‘zbekiston AQSh kompaniyalari bilan hamkorlik bo‘yicha 10 ta bitim imzoladi
Shuningdek, “Citigroup” ko‘magida O‘zbekiston banklari va davlat korxonalarining obligatsiyalari xalqaro fond bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirildi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi va “Citigroup” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitimi imzolandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Biroz avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrifi doirasida AQSHning eng yirik moliyaviy korporatsiyasi – “Citigroup” raisi Jon Duganni qabul qilgandi.
Qayd etilishicha, “Citigroup” ko‘magida O‘zbekiston banklari va davlat korxonalarining obligatsiyalari xalqaro fond bozorlarida muvaffaqiyatli joylashtirildi. Toshkentda kompaniyaning ofisi ochildi.
Yirik davlat korxonalari bo‘yicha IPO bitimlarini tayyorlash va tuzish, yevroobligatsiyalar chiqarish, mamlakat reytingini oshirishni ta’minlash uchun maslahat yordamini ko‘rsatish, shuningdek, moliyaviy yechimlarni ishlab chiqish va savdoni moliyalashtirishning yangi vositalarini ishga tushirish borasida hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Korporatsiya bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olingan.
Shavkat Mirziyoyevning AQSH tashrifi doirasida quyidagi hujjatlar imzolangan:
- Transport vazirligi va “Boeing” kompaniyasi o‘rtasida transport sohasida uzoq muddatli hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- “Texnopark” MCHJ va “FLSmidth” kompaniyasi o‘rtasida tog‘-kon uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risida bitim;
- “Akfa group” va “Cleveland Clinic” o‘rtasida ko‘p tarmoqli klinika va ta’lim muassasasini tashkil etish to‘g‘risida bitim;
- “Centrum Air” aviakompaniyasi va “Oppenheimer” investitsiya kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- “O‘zbekgidroenergo” AJ va “Cargill Financial Services International” kompaniyasi o‘rtasida moliyaviy hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- “O‘ztransgaz” AJ va “Pangea Filtration Technology” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda “Cove Capital” kompaniyasi o‘rtasida istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish to‘g‘risida bitim;
- “Yangi Kon” MCHJ va “SLB” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bilan “Biologic International” kompaniyasi o‘rtasida sun’iy intellekt va biotexnologiyalar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun jamg‘armalar tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim.
Kapital.uz avvalroq “Citigroup” Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ