“O‘zbekiston temir yo‘llari” 200 ta yo‘lovchi vagonini yangilash uchun $143 mln jalb qiladi
Loyiha Rekonstruksiya va taraqqiyot jamg‘armasining 10 yillik kredit liniyasi doirasida moliyalashtiriladi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ 200 ta yo‘lovchi vagonini xarid qilish va modernizatsiya qilish uchun $143 mln yo‘naltiradi. Bu haqda Prezident qarori Lex.uz portalida e’lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, loyihani moliyalashtirish Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 2026–2027-yillarda amalga oshiriladi. Kredit 5% lik yillik stavkada, 3 yillik imtiyozli davr bilan ajratiladi. Mablag‘larni qaytarish majburiyati “O‘zbekiston temir yo‘llari” va uning tegishli tarkibiy korxonalari zimmasiga yuklanadi.
Yangi vagonlar besh yil davomida kompaniyaning sho‘ba korxonasi — “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ balansiga bosqichma-bosqich topshiriladi. Yo‘lovchi tarkibini to‘liq yangilash ishlari 2030-yilgacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Bu ichki va xalqaro yo‘nalishlarda xizmat sifati oshishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, hukumat 2030-yilgacha temir yo‘l orqali tashiladigan yo‘lovchilar sonini 10,5 mln nafardan 23,5 mln nafarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Buning uchun elektropoyezdlar qatnovi kuniga 40 tadan 53 taga oshiriladi.
Muhim bosqichlardan biri sifatida 2026-yilda “Toshkent – Urganch – Xiva” yo‘nalishida yuqori tezlikdagi temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Bu Buxoro–Xiva temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish ishlari yakunlanganidan so‘ng amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonda ham tezkor poyezdlar harakati kengaytiriladi. 2026-yil oxirigacha “Miskin – Nukus” (196 km) temir yo‘l uchastkasini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.
Uzoq muddatli istiqbolda yuqori tezlikdagi poyezdlar Andijon, Namangan, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlariga ham qatnay boshlaydi. Loyiha doirasida murakkab tog‘li va cho‘l hududlardan o‘tuvchi temir yo‘l yo‘nalishlari — “Angren – Pop” va “Toshg‘uzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on” liniyalarini texnik jihatdan yangilash ham nazarda tutilgan.
O‘zbekiston davlat temir yo‘l kompaniyasi (UTY) o‘zining oltita Talgo 250 poyezdiga texnik xizmat ko‘rsatish uchun Talgo kompaniyasi bilan o‘n yillik shartnoma tuzdi. Shartnoma qiymati taxminan 80 mln yevroni tashkil etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ