Navoiydagi 1,3 tonnalik oltin zaxirasiga ega “Oydinbuloq” uchastkasi 13,1 mlrd so‘mga sotildi
G‘olib deb topilgan “Zhongcheng Mining” kompaniyasi avvalroq Buxorodagi “Chettik” uchastkasini 35,6 mlrd so‘mga sotib olgandi

26-avgust kuni E-auksion platformasida Navoiy viloyatining “Oydinbuloq” uchastkasida geologik izlanishlar olib borish huquqi savdoga qo‘yildi.
Boshlang’ich narxi 4,12 mlrd so’mdan boshlangan auksion 2 soat 28 daqiqa davom etdi va uni g‘olibi 13,1 mlrd so‘mlik taklif bilan “Zhongcheng Mining” kompaniyasi bo‘ldi.
“Oydinbuloq” uchastkasi Nurota tumani, Debaland shaharchasidan 20,5 km janubiy-g’arbda joylashgan. Maydoni 40 gektar bo‘lib, taxminiy oltin zaxiralari 1,3 tonna, kumush esa 7,1 tonna deb baholanmoqda.
“Zhongcheng Mining” kompaniyasi 14-avgust kuni Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidan 15 km uzoqlikda joylashgan “Chettik” uchastkasi bo‘yicha o‘tkazilgan auksionda geologik tadqiqotlar o‘tkazish huquqini ham yutib olgandi. Kompaniya 35,6 mlrd so‘mlik, ya’ni 4,1 mlrd so‘m boshlang‘ich bahosidan 8,6 baravar yuqori taklif bilan g‘olib chiqqan.
iHamkor platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Zhongcheng Mining” kompaniyasi 2025-yilning 8-avgustda tashkil qilingan bo’lib, boshga toifalarga kiritilmagan tog’-kon sanoati bilan bog‘liq faoliyat bilan shug’ullanadi. Kompaniyaning ustav kapitali 500 mln so‘mni tashkil qilib, uning 100% lik ulushiga Shi Chonghuan egalik qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ