O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidagi “O‘tukchu” nazorat-o‘tkazish punkti vaqtincha yopildi
Uning o‘rniga “Apkan” chegara o‘tish joyi ishga tushirildi

Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan chegarasidagi “O‘tukchu” nazorat-o‘tkazish punkti vaqtincha yopildi, uning o‘rniga “Apkan” chegara o‘tish joyi ishga tushdi. Bu haqda Qirg‘iz Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, kuchli suv oqimi tufayli Qirg‘izistonning “O‘tukchu” va O‘zbekistonning “Tul” nazorat-o‘tkazish punktlari orasidagi ko‘prik tayanch ustunlari yemirilgani sababli, Qirg‘iziston tomonidagi nazorat-o‘tkazish punkti shaxslar va transport vositalarining o‘tishi uchun vaqtincha to‘xtatilgan.
Qirg‘iziston—O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tmoqchi bo‘lgan fuqarolar va transport vositalari “Apkan” vaqtinchalik chegara o‘tish joyiga yo‘naltiriladi. Bu chegara o‘tish joyi ertalab soat 7:00 dan kechki 23:00 gacha ishlaydi va faqat Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston fuqarolari uchun mo‘ljallangan, deyiladi xabarda.
“Apkan” chegara o‘tish joyi Botken viloyatining Botken tumanidagi Apkan qishlog‘ida joylashgan. Tuman shimoli-sharqda asosan So‘x eksklavi, O‘zbekiston bilan chegaradosh.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ