O‘zbekistonda xususiy OTMlar faoliyati takomillashtirilmoqda
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda nodavlat ta’lim xizmatlari sifatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi

Vazirlar Mahkamasining “Respublikada nodavlat ta’lim xizmatlari sifatini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, litsenziyalashning qo‘shimcha shartlari quyidagilardan iborat:
Talabgor tomonidan tashkil etilayotgan oliy ta’lim tashkilotining konsepsiyasi taqdim etiladi. Konsepsiyada quyidagilar ko‘rsatiladi:
- ta’lim tashkilotining nomi;
- maqomi;
- boshqaruv tizimi va kadrlari;
- asosiy ta’lim va ilmiy faoliyat yo‘nalishlari;
- qabul parametrlari;
- ta’lim sifatini ta’minlash tizimi va vositalari;
- to‘lov-kontrakt miqdori va uning hisob-kitobi;
- ta’lim tashkilotini rivojlantirish bo‘yicha 5 yillik strategik rejasi;
- ta’lim tashkiloti faoliyatiga oid boshqa muhim masalalar.
Nodavlat oliy ta’lim tashkilotining ustav fondi $2 mln ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantiriladi. Keyinchalik talabalar sonining ko‘payib borishiga mutanosib ravishda ustav fondi oshirib boriladi.
Talabgor tomonidan $350 ming ekvivalentidagi mablag‘lar tijorat banklaridagi depozitlarga zaxiraga joylashtiriladi.
Tashkil etilayotgan oliy ta’lim tashkilotining ta’lim jarayoniga mo‘ljallangan bino va inshootlari maydoni 5 ming kv/metrdan kam bo‘lmasligi lozim. Bunda bino universitetning o‘z mulki bo‘lishi shart emas, kamida 5 yil muddatga tuzilgan ijara (tekin foydalanish) shartnomasi asosida ish boshlash ham mumkin.
Oliy ta’lim tashkiloti tashkil etilgan vaqtdan boshlab dastlabki 5 yil davomida uning yillik sof foydasining kamida 80% i, keyingi yillarda esa kamida 50% i mazkur ta’lim tashkilotining asosiy faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Qaror rasmiy e’lon qilingan sanadan 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Qaror kuchga kirgunga qadar litsenziya olgan tadbirkorlik subyektlari 2026-yil 1-yanvarga qadar o‘z faoliyatini yangi litsenziya talablari va shartlari asosida tashkil etishi lozim.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ