OTB O‘zbekiston maktablarida STEM-ta’limni rivojlantirish uchun $100 mln ajratadi

Imtiyozli kredit 200 ta ta’lim muassasasini modernizatsiya qilish va o‘qituvchilarni o‘qitishga yo‘naltiriladi

OTB O‘zbekiston maktablarida STEM-ta’limni rivojlantirish uchun $100 mln ajratadi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston o‘rta ta’lim maktablarida fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) fanlarini o‘qitish sifatini oshirish uchun $100 mln imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.

“O‘rta ta’limda fan, texnologiya, muhandislik va matematika” loyihasi doirasida O‘zbekiston bo‘ylab 200 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quv muhiti yangilanib, qo‘shni maktablar uchun resurs markaziga aylantirilishi kutilmoqda. Bu yangilanishlar zamonaviy laboratoriyalar, AKT infratuzilmasi, quyosh energiyasi tizimlari va imkoniyati cheklangan o‘quvchilar uchun inklyuziv sharoitlarni o‘z ichiga oladi.

Loyihada, shuningdek, butun mamlakat bo‘ylab oltita STEM fani bo‘yicha o‘qituvchilarni tayyorlash hamda fanlararo STEM ta’limni targ‘ib qilish rejalashtirilmoqda. Qizlarni STEM sohasidagi kasblarga yo‘naltirish uchun targ‘ibot kampaniyalari va maxsus kasb-hunarga yo‘naltirish tashabbuslari ham ko‘zda tutilgan.

Loyiha O‘zbekistonning 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, OTBning 2030-yilgacha bo‘lgan strategiyasining raqamli transformatsiya, gender tengligi va iqlim barqarorligi singari ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi. U OTBning mamlakatda ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli tashabbuslarini, shu jumladan, “yashil” iqtisodiyot uchun kasbiy ta’limga yo‘naltirilgan kelgusidagi investitsiyalarni to‘ldiradi.

Loyiha O‘zbekiston yoshlarini barqaror va inklyuziv o‘sish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy, innovatsion ko‘nikmalar bilan ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, bu mamlakatga 2030-yilga kelib daromadi o‘rtachadan yuqori mamlakatlar qatoridan joy olish maqsadini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi. OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Arayaning so‘zlariga ko‘ra, STEM ta’limini kuchaytirish mamlakatga yanada inklyuziv, barqaror va raqobatbardosh kelajak uchun zamin yaratishda yordam beradi.

O‘tgan haftada OTB O‘zbekistonga davlat sektori samaradorligini oshirish, davlat korxonalari boshqaruvini modernizatsiya qilish va JSTga a’zo bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun $500 mln miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda birinchi AES qurilishida Italiya kompaniyasi ishtirok etadi
/
O‘zbekistonda birinchi AES qurilishida Italiya kompaniyasi ishtirok etadi
“Yangi avlod” sanoat zonasi 9 oyda investitsion uchastkalarning 60%ini sotdi
/
“Yangi avlod” sanoat zonasi 9 oyda investitsion uchastkalarning 60%ini sotdi
YTTB “Qambarota GES-1” qurilishiga $1,5 mlrd ajratishni rejalashtirmoqda
/
YTTB “Qambarota GES-1” qurilishiga $1,5 mlrd ajratishni rejalashtirmoqda