O‘zbekistonda ortiqcha soliqlarni qaytarish muddati qisqartirildi
Xususan, ortiqcha soliqni kelgusi to‘lovlarda hisob olish 3 kunda amalga oshiriladi

Фото: Shutterstock
Prezident tomonidan 26-iyunda imzolangan qonun bilan Soliq kodeksiga ayrim qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, soliq munosabatlarida foydalaniladigan elektron hujjatlarni shaxsning roziligini ifodalaydigan va uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan elektron tasdiqlash usullari orqali tasdiqlash elektron raqamli imzoga tenglashtirildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligida, shu jumladan, baliqchilik xo‘jaliklarida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hisobotlari “Suv hisobi” axborot tizimi va ushbu sohadagi vakolatli organlarning ma’lumotlari asosida avtomatik tarzda shakllantiriladi.
Ortiqcha undirilgan soliq summasini soliq to‘lovchining boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlari hisobidan hisobga olish tartibi yanada soddalashtirildi. Unga ko‘ra, boshqa soliqlar bo‘yicha kelgusi to‘lovlar uchun hisobga olish soliq to‘lovchining yozma yoki elektron arizasiga ko‘ra soliq organlari tomonidan 3 kun ichida amalga oshirilishi belgilandi. Amalda bu 15 kunni tashkil etardi.
“O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2025-yil 25-fevralda deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingandi. 18-martda esa uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborilgandi. 28-mayda Senat ushbu qonunni ma’qullagandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ