O‘zbekistonliklarning o‘rtacha oylik ish haqi 5,1 mln so‘mni tashkil etdi
Eng yuqori ko’rsatkich Toshkent shahriga, eng quyisi esa Qashqadaryo viloyatiga to’g’ri keldi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda yanvar-sentyabr oylarida korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln 151 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqida Statistika agentligi ma’lum qildi.
Unga ko’ra, uhbu davr mobaynida qayd etilgan mazkur ko‘rsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan 16,4%ga o‘sgan.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida 8 mln 683 ming so’mni ko’rsatgan (+20,1%). Keyingi o‘rinlarni 6 mln 610 ming so‘m bilan Navoiy hamda 4 mln 954 ming so‘m bilan Toshkent viloyatlari egallagan.
Eng kam o‘rtacha oylik ish haqi esa 3 mln 628 ming so‘m bilan Qashqadaryo viloyatida bo’ldi.
Shuningdek, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng baland ko‘rsatkichi 14,488 mln bilan moliya va sug‘urta sohasida qayd etilgan. Undan keyingi o‘rinlarda axborot va aloqa (12,7 mln so‘m) hamda tashish va saqlash sohalari (8,07 mln so‘m) turibdi.
Shu bilan birga, o‘rtacha oylik ish haqi sanoat sohasida 6,28 mln so‘mni, savdoda 6,04 mln so‘mni hamda qurilishda 5,7 mln so‘mni tashkil etgan. Eng past ko‘rsatkich esa ta’lim (3,4 mln so‘m) hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (3,3 mln so‘m) sohalariga to‘g‘ri keladi.
Axborot va aloqa sohaning asosiy tarmoqlari bo‘yicha o‘rtacha maoshning eng yuqori ko‘rsatkichi dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlarda 18,04 mln so‘mni ko’rsatdi hamda axborot xizmatini ko‘rsatishda 15,8 mln so‘mni, aloqa sohasida 10,8 mln so‘mni tashkil etdi.
Toshkent shahrida axborot va aloqa sohasidagi o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi 14,4 mln so’mda qayd etildi. Undan keyin 8,9 mln so‘m bilan Andijon, 8,7 mln so‘m bilan Samarqand viloyatlari joylashdi.
Moliya va sug‘urta sohasida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hamda sug‘urtalash bo‘yicha yordamchi faoliyatida qayd etilgan — 16,8 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa sug‘urtalash va nafaqa ta’minotidan tashqari moliyaviy xizmatlarda (14,25 mln so‘m) kuzatilgan.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda kuzatildi, ya’ni 8,11 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 1,87 mln so‘m. Texnik va professional ta’limda o‘rtacha maosh 3,60 mln so‘mni hamda umumiy o‘rta ta’limda 3,44 mln so‘mni tashkil etgan.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda (5,7 mln so‘m), eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida (2,9 mln so‘m) bo’ldi.
Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida ham eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentga 5,7 mln so’mga to‘g‘ri keladi. Eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida (2,9 mln so‘m) kuzatilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ