O‘zbekistonda 5 grammlik oltin quymalari ilk bor 8,3 mln so‘mdan oshdi
Mamlakatda qimmatbaho metall narxini o‘z narxi 41-marta rekordni yangiladi

14-oktabr kuni o‘lchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Xususan, 1 gramm oltin 1,66 mln so‘mga baholanmoqda. Bu bir kun avvalgi narxdan 42 080 so‘mga yoki 2,6% ga yuqori. Muomalaga chiqarilgan 5 grammlik o‘lchovli quyma 8,31 mln so‘mdan sotilmoqda.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 10 gramm oltin quyma narxi 16,6 mln so‘m;
- 20 gramm oltin quyma narxi 33,2 mln so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 83,1 mln so‘m;
- 100 gramm oltin quyma narxi 166,2 mln so‘mni tashkil qiladi.
Kunlik narx o‘sishi maksimumni yangiladi. To‘qqiz yarim oy ichida oltin 46,85% ga, 2024-yilning shu kuniga nisbatan esa deyarli 48,5% ga qimmatlashdi.
14-oktabr kuni oltinning jahon kotirovkalari troya unsiyasi uchun $4,1 mingdan sotilmoqda. Xabar nashr qilinayotgan vaqtda oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $4137,92 ni tashkil qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ