Oltin narxi ilk bor bir unsiya uchun $4 mingdan oshdi
7-oktabr kuni Nyu York tovar birjasida oltin fyucherslari narxi 0,6% ga ko‘tarildi

Фото: Bloomberg
7-oktabr kungi savdolarda oltin narxi tarixda birinchi marta unsiya uchun $4 mingdan oshdi.
Seshanba kuni Nyu York tovar birjasida (COMEX) dekabr oyi uchun oltin fyucherslari narxi 0,6% ga ko‘tarilib, bir unsiya uchun $4 000,1 ni tashkil qildi. Tonggi savdolarda narx o‘sishi biroz sekinlashdi.
Oltinga bo‘lgan talabning o‘sishi AQSh hukumati yopilishi (shatdaun) fonida kuzatilmoqda. AQSh hukumati mablag‘ yetishmasligi sababli 1-oktabr kuni yarim tunda o‘z ishini qisman to‘xtatdi. Shatdaun Kongressdagi Respublikachilar va Demokratlar partiyasi vakillari yangi moliyaviy yil uchun budjetni kelisha olmagani tufayli sodir bo‘ldi.
Bunda barcha davlat idoralari ham yopilmaydi: aholiga ko‘rsatadigan xizmatlari birinchi darajali ehtiyojlar toifasiga kiruvchi xodimlar odatdagi rejimda ishlashda davom etadi, biroq ularga haq to‘lanmaydi. Chegara xizmati, huquq-tartibot idoralari, immigratsiya va bojxona xizmati (ICE), shifoxona punktlari xodimlari va havo harakati dispetcherlari ishini davom ettirishi kutilmoqda. Zarur hisoblanmagan davlat xizmatchilari vaqtincha haq to‘lanmaydigan ta’tilga chiqariladi. Ilgari bunday ishchilarga ish haqi keyinchalik eski sanalar bilan to‘lab berilgan.
Shatdaunning davom etishi oltin narxlari o‘sishiga turtki bo‘ladi.
Jahon oltin kengashi (World Gold Council) ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida yettita mamlakat markaziy banklari o‘z oltin zaxiralarini 1 tonnadan ko‘proqqa oshirdi.
Shu jumladan, O‘zbekiston Markaziy banki avgust oyida 2 tonna oltin xarid qildi. Biroq yil boshidan buyon mamlakat oltin-valyuta zaxiralarida oltinning fizik hajmi 17 tonnaga kamayib, 366 tonnani tashkil etdi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston oltin sotishda dunyo bo‘yicha yetakchilik maqomini saqlab qolmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ