Oltin narxi bir kunda 6% ga tushdi
Bu oltin narxining 2013-yildan beri bir kunlik eng katta pasayishi hisoblanadi

Фото: Bloomberg
Nyu York tovar birjasida (COMEX) oltin narxi 21-oktabrdagi savdolarda 6% ga tushib, bir troya unsiyasi uchun $4,1 mingga baholandi.
Bu oltin narxining 2013-yildan beri bir kunlik eng katta pasayishidir. Kumush ham arzonlashgan va Newmont kabi tog‘-kon kompaniyalarining aksiyalari keskin tushib ketgan. Bloomberg agentligi bu pasayishni investorlarning foyda olish uchun oltin sotishi bilan izohladi.
Xabar nashr qilinayotgan vaqtda qimmatbaho metall qiymati bir troy unsiyasi uchun $4 148 darajasiga yetgan.
Vaziyat biroz xavotirli tus olmoqda. Asosiy sabab — kuchli ortiqcha xarid holati, ya’ni narxlarning tez sur’atda o‘sishi. Oltinning atigi olti hafta ichida ming dollarga qimmatlashgani narxlar haddan tashqari oshib ketganidan dalolat beradi. Biz stratosfera darajasidamiz, deydi MKS Pamp kompaniyasi tahlilchisi Nikki Shils.
O‘zbekistonda oltin quymalari narxi ham pasayishni boshladi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 22-oktabrda bir gramm oltin quymasining narxi 1,66 mln so‘mni tashkil etdi.
Quymalar narxi quyidagicha belgilandi:
- 5 gramm — 8,3 mln so‘m;
- 10 gramm — 16,6 mln so‘m;
- 20 gramm — 33,3 mln so‘m;
- 50 gramm — 83,2 mln so‘m;
- 100 gramm — 166,5 mln so‘m.
Kapital.uz 16-oktabr kuni oltin narxi tarixda birinchi marta bir unsiya uchun $4,3 mingdan oshgani haqida xabar bergan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ