AQSH prezidenti Tramp “oltin karta” veb-saytini ishga tushirdi
Qabul ochilishi haqida xabardor bo‘lish uchun foydalanuvchilar shaxsiy ma’lumotlarini kiritish so‘ralmoqda

Foto:khaama.com
Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 11-iyun kuni “oltin karta” uchun arizalarni veb-saytda qabul qilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Karta $5 mln evaziga AQSHda doimiy yashash huquqini beradi. TrumpCard.gov saytiga tashrif buyuruvchilardan kirish ochilishi bilan xabardor bo‘lish uchun ism, mintaqa va elektron pochta manzilini taqdim etish va jismoniy shaxs yoki biznes sifatida ariza berishni ko‘rsatishi so‘raladi.
Minglab odamlar qo‘ng‘iroq qilib, eng buyuk mamlakat va bozorga kirish uchun qanday ro‘yxatdan o‘tish mumkinligini so‘rashdi, dedi Tramp Truth Social’da.
Tramp rezidentlik vizasini ilk marotaba fevral oyida taklif qilgan edi. Uning ma’muriyati badavlat da’vogarlarga yashash va ishlash huquqini, shuningdek, fuqarolikka yo‘l ochadigan “oltin karta” taklif qilishini aytgan.
Ular boy va muvaffaqiyatli bo‘ladi, ko‘p pul sarflaydi, ko‘p soliq to‘laydi va ko‘p odamlarni ish bilan ta’minlaydi, degandi Tramp.
Aprel oyida Tramp Air Force One bortida jurnalistlarga viza namunasini — uning qiyofasi tasvirlangan oltin rangli kartani ko‘rsatgandi. Tramp ma’muriyati rasmiylari karta AQShga kamida $1,05 mln sarmoya kiritgan muhojirlarga doimiy yashash huquqini beruvchi EB-5 immigratsion investor vizasi dasturi o‘rnini bosishini bildirgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ