Avtomobilning old yon oynalarini qoraytirish uchun to‘lovlar bekor qilinmagan
YHXX vakili ma'lum qilishicha, ijtimoy tarmoqlarda tarqalgan bu kabi xabarlar asossiz

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda avtomobillarning old yon oynalarini qoraytirganlik uchun to‘lovlar bepul bo‘lishi haqida xabarlar tarqalmoqda. YHXX axborot xizmati rahbari Zoir Yo‘ldoshev buni rad etdi.
Zoir Yo‘ldoshevning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, haydovchilar uchun bir qator yaxshi yangiliklar aks etgan qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan, ammo gap avtomobillarning old oynalarini qoraytirish bepul bo‘lishi yoki arzonlashishi haqida ketmayapti.
O‘zbekistonda ruxsat etilgan “tonirovka” turlari
Ayni paytda avtomobillar orqa yon oynalari va orqa oynani qoraytirish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi va bu bepul amalga oshiriladi. Old eshiklar oynalarini qoraytirish uchun ruxsatnoma olish zarur. Ruxsatnoma yillik asosda beriladi. Avtomobillar orqa oynasining tusini, shuningdek, avtotransport vositalari old oynasining tepa qismi tusini 14 santimetrdan ko‘p bo‘lmagan “polosa” shaklida yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish) ruxsatnomasiz, tasdiqlangan davlat standarti asosida amalga oshiriladi.
Ruxsatnoma olish tartibi va to‘lovlar
Old eshiklar oynalarini qoraytirish uchun ruxsatnoma olish narxi BHMning 8 baravari (3 mln so‘m)ni tashkil etadi. “Tonirovka” uchun ruxsatnomani onlayn tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish mumkin. Onlayn ariza topshirganda haydovchi 10 foizlik chegirma oladi.
Jarimalar
Ruxsatnomasiz “tonirovka” uchun jarima Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 126-1-moddasiga ko‘ra, BHMning 25 baravari (9 mln 375 ming so‘m)ni tashkil etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ