OKMK tenderlarida $200 mlnni yutgan xorijiy kompaniyalar bo‘yicha surishtiruv e’lon qilindi
OCCRP tekshiruviga ko‘ra, ayrim firmalar faol emas deb ko‘rsatilgan yoki tog‘-kon sohasida tajribaga ega bo‘lmagan
Фото: АГМК
OCCRP va Finance Uncovered tomonidan e’lon qilingan jurnalistik surishtiruvda 2022-yildan buyon Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) tenderlarida o‘nta xorijiy kompaniya $200 mlndan ortiq qiymatdagi shartnomalarni qo‘lga kiritgani ma’lum qilindi.
Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, ayrim kompaniyalar rasmiy hujjatlarda faol emas deb ko‘rsatilgan, tog‘-kon sohasida tajribaga ega bo‘lmagan yoki OAV so‘rovlaridan keyin nazorat qiluvchi shaxslar haqidagi ma’lumotlarni o‘zgartirgan.
Britaniyadagi “qog‘ozdagi” kompaniyalar
Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan Lemixton Solutions va Golders Business kompaniyalari 2021-yildan “dormant” (faol emas) maqomida hisobot topshirgan bo‘lsa-da, OKMKdan o‘nlab million dollarlik tenderlarni yutib, mahsulot yetkazib bergan.
2025-yilda jurnalistlar so‘rovlaridan so‘ng britan reyestrida nazorat qiluvchi shaxslar haqidagi ma’lumotlar orqaga sana qo‘yilgan holda o‘zgartirilgan. Dastlab, muhim nazoratga ega shaxs sifatida O‘zbekiston Stol tennisi federatsiyasi vitse-prezidenti bo‘lib ishlagan Grigoriy Xvan ko‘rsatilgan, keyinchalik uning o‘rniga Kolumbiya fuqarosi Felipe Gerrero kiritilgan.
$7 mlndan ortiq shartnomalarda imzosi bor ayrim shaxslar hujjatlarni o‘zlari imzolamaganini bildirgan. Ulardan biri bu haqda Britaniya rasmiylariga ham murojaat qilgan.
Gruziya kompaniyalari
Gruziyada ro‘yxatdan o‘tgan LOSBP va Prof Engineering kompaniyalari 2022-yildan buyon jami $68,45 mlnlik tenderlarni qo‘lga kiritgan.
2025-yil fevralda Janubiy Koreya fuqarosi, kelib chiqishi o‘zbekistonlik Polina Ostanova ushbu kompaniyalar ham kiradigan beshta gruzin firmasini taxminan $350 evaziga sotib olgan. Sotib olish vaqtida ularning ikkitasi allaqachon $65,9 mlnlik tenderlarni yutgan edi.
OCCRPga ko‘ra, Ostanova ilgari tibbiy turizm sohasida ishlagan va tog‘-kon sanoatida tajribaga ega bo‘lmagan. Jurnalistlar uning Gerrero hamda Xvanga yaqin shaxslar bilan onlayn aloqalarini ham qayd etgan.
Singapur kompaniyalari bilan bog‘liqlik
Polisteel Solutions, Ventopro va Mek Industrial Technology nomli uchta singapur kompaniyasi 2022-yildan buyon OKMKdan $102,9 mlnlik tenderlarni yutgan. Ularning rasmiy egasi sifatida Janubiy Koreya fuqarosi Sedong Choy ko‘rsatilgan.
Xitoyning Denair kompaniyasi 2025-yilgi moliyaviy hisobotida Mek Industrial Technology nazorat qiluvchi shaxsi Bagamadagi Colcot Company bilan bog‘liqligini qayd etgan. Ushbu kompaniyada direktor sifatida Grigoriy Xvan tilga olingan. Keyinchalik Denair yakuniy benefisiarlar haqida aniq ma’lumotga ega emasligini bildirgan.
OCCRP ma’lumotiga ko‘ra, Colcot 2024-yil mart oyida Manxettenda $4,4 mlnlik kvartira sotib olgan, bitimni esa Xvanning o‘g‘li Aleksey Xvan imzolagan.
Singapur kompaniyalari vakili esa Xvan ushbu tuzilmalarni nazorat qilmasligini ma’lum qilgan.
Kontekst
Surishtiruvda ayrim kompaniyalar bir-biri bilan ehtimoliy aloqalarga ega bo‘lishiga qaramay, OKMKning bir xil tenderlarida raqobatchi sifatida qatnashgani qayd etilgan.
OKMK O‘zbekistondagi soliq tushumlarining qariyb 9%ini ta’minlaydi. Tahlil qilingan tenderlar esa 2022-yildan beri korxona xarajatlarining taxminan 7%ini tashkil etadi.
Transparency International tashkiloti vakili Ben Kaudokning ta’kidlashicha, tegishli tajribaga ega bo‘lmagan kompaniyalarga yirik davlat kontraktlarini berish xavf tug‘diradi va ayniqsa OKMKning ehtimoliy IPOsi oldidan shaffoflik muhim ahamiyat kasb etadi.
OKMK OCCRP jurnalistlarining savollariga javob bermagan. Grigoriy Xvan va Polina Ostanova ham izoh bermagan, Felipe Gerrero esa britan kompaniyalari bo‘yicha savollarga javob berishdan bosh tortganini bildirgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ