Toshkent viloyatida Central Asia Smart City shaharchasini qurish rejalashtirilmoqda

Loyiha 6,4 ming gektar maydonda tashkil qilinib, $10 mlrdlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinadi

Toshkent viloyatida Central Asia Smart City shaharchasini qurish rejalashtirilmoqda

Toshkent viloyati hokimligi Ohangaron tumanining 6,4 ming gektar hududida Central Asia Smart City shaharchasini qurish bo‘yicha prezident qarori loyihasini jamoat muhokamasi uchun e’lon qildi.

Ushbu loyiha Toshkent viloyatini poytaxt bilan hamohang rivojlantirish, zamonaviy infratuzilma yaratish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda Markaziy Osiyo davlatlarining hamkorlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlovchi yetakchi texnologik xabni tashkil etishga qaratilgan. Loyiha 2025−2035-yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Prezident qarori loyihasiga ko‘ra, Central Asia Smart City Markaziy Osiyoda erkin iqtisodiy, savdo-sanoat, logistika va moliya markazi sifatida 6400 gektar maydonda barpo etiladi. Dastlabki bosqichda 500 gektar yer maydoni ajratilib, unda moliyaviy markaz, logistika infratuzilmasi va strategik qurilish ishlari amalga oshiriladi. Qolgan 5,9 ming gektar yer maydoni bosqichma-bosqich o‘zlashtirib boriladi.

Loyihaning bosh tashabbuskori va boshqaruv kompaniyasi sifatida Going Investment MCHJ qo‘shma korxonasi belgilangan. Shuningdek, Fransiyaning Byuro Veritas Consulting Co., Yaponiyaning Ainergy Co. Ltd, Turkiyaning ND İmar İnşaat ve Ticaret A.Ş. kompaniyalari hamda O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi loyiha hamkorlari sifatida ishtirok etadi.

Loyiha doirasida $10 mlrd miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinishi, 150 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Aqlli va yashil (Smart & Green City) shahar konsepsiyasi asosida 200 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy yashash va ishbilarmonlik muhitiga ega hudud barpo etiladi.

Loyihaning asosiy yo‘nalishlari moliya markazi, savdo-logistika zonalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, “Al-Xorazmiy” xalqaro bilim va texnologiyalar markazini tashkil etishni o‘z ichiga oladi. Hudud Anglo-sakson huquq tizimiga asoslangan maxsus huquqiy maqomga ega bo‘ladi, bu esa xalqaro investorlar uchun qulay sharoit yaratadi.

Central Asia Smart City uchun bosh reja va master-reja Turkiyaning ND İmar İnşaat ve Ticaret A.Ş. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqiladi. Hududda yuqori texnologiyalar asosida energetika, transport, aloqa, yashil energiya, ta’lim va ilmiy markazlar barpo etilishi belgilangan.

Shuningdek, loyiha doirasida “Bilim va texnologiyalar xalqaro universiteti” (75 ming o‘ringa mo‘ljallangan kampus bilan) tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Hudud investitsiyaviy faoliyat uchun maxsus iqtisodiy zona maqomiga tenglashtiriladi, shu jumladan soliq va bojxona imtiyozlari, valyuta va mehnat sohasidagi preferensiyalar tatbiq etiladi

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Yakka tartibdagi tadbirkorlar energetika qoidabuzarliklari uchun yuridik shaxslar bilan teng javob beradi
/
Yakka tartibdagi tadbirkorlar energetika qoidabuzarliklari uchun yuridik shaxslar bilan teng javob beradi
Endilikda OTM bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorga imtiyozli kredit beriladi
/
Endilikda OTM bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorga imtiyozli kredit beriladi
O‘zbekistonda 2026-yildan chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni uyma-uy undirish to‘xtatiladi
/
O‘zbekistonda 2026-yildan chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni uyma-uy undirish to‘xtatiladi