Toshkent metropolitenining 13 ta bekatida kassalar yopildi
Vestibyullarga chipta olish uchun bankomatlar sinov tariqasida o‘rnatilmoqda

Foto: tashtrans.uz
Naqd pulda to‘lov qiluvchilar soni kamaygani sabab Toshkent metrosining ayrim bekatlarida kassalar yopildi.
Metropoliten ma’muriyatining bildirishicha, yo‘lovchilariga qulaylik yaratish hamda kassa oldidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida metrodan foydalanishda yo‘l haqini to‘lashning 10 dan ortiq turi mavjud. Jumladan, QR-kodli bir martalik chiptalar 3 ming so‘mni tashkil qilsa, boshqa to‘lov usullari 1,7 ming so‘m va undan ham arzon. Shuni inobatga olib, hozirgi vaqtga kelib yo‘lovchilarning kam sonli qismigina naqd pul ko‘rishida ya’ni kassadan QR-kodli chipta xarid qilib yo‘l haqini to‘lamoqda.
Ilgari bir martalik QR-kodli chiptalardan metro yo‘lovchilarining 45-50% i foydalangan bo‘lsa, hozirgi vaqtga kelib qariyb 6-7% ni tashkil qilmoqda. Uzoq vaqt davom etgan kuzatuv va o‘rganishlar natijalariga ko‘ra bir qancha metro bekatlaridagi vestibyullarda joylashgan kassalarda chiptalar xarid qilinish ko‘rsatkichi keskin kamaygani aniqlandi.
Shu boisdan, naqd pul ko‘rinishida to‘lovni amalga oshiruvchi yo‘lovchilar soni kam bo‘lgan 13 ta metro bekatlarining (Mirzo Ulug‘bek, Xalqlar do‘stligi, Paxtakor, Hamid Olimjon, Pushkin, Do‘stlik, Toshkent, Oybek, Tinchlik, Shahriston, Bodomzor, Minor hamda Abdulla Qodiriy ) 1 tadan vestibyullaridagi kassalar yopildi. Ma’lum qilinishicha, ushbu vestibyullarga chipta sotib olish uchun avtomatlashtirilgan bankomatlar sinov tariqasida o‘rnatilmoqda.
Shuningdek, metro yo‘lovchilari kassa yopilgan vestibyullarda ham avtomatlashtirilgan to‘lov turlarining boshqa usullari orqali to‘lov qilish imkoniyatiga ega (ATTO kartalari, bank kartalari, turli mobil ilovalar, kaft orqali va boshqa to‘lov usullari).
Xabarda aytilishicha, bu to‘lov usullarining bir qator afzalliklari bo‘lib, yo‘lovchilarga kassa oldida navbat kutmasdan o‘z vaqtlarini tejash imkonini beradi. Qolaversa, metroda yo‘l haqini arzon tarifda to‘lashlari mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ