Behzod Normatov Prezident administratsiyasida lavozimga tayinlandi
Sobiq “O‘ztransgaz” rahbari neft-gaz sohasida islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha loyiha ofisini boshqaradi
Фото: Минэнерго
Behzod Normatov O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasida neft-gaz sohasida islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha loyiha ofisi sektori mudiri etib tayinlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Mazkur tayinlov to‘g‘risidagi farmoyishni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva imzolagan.
Behzod Normatov 2021-yil avgustidan 2023-yil yanvarigacha O‘ztransgaz kompaniyasiga rahbarlik qilgan. U qariyb bir yarim yil faoliyat yuritganidan so‘ng, qishki davrda kompressor stansiyalari holati tanqid qilingan yig‘ilishdan keyin lavozimidan ozod etilgan edi.
Avvalroq u “Andijonneft” boshqaruvi raisi, shuningdek Energetika vazirligida geologiya hamda neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbari lavozimlarida ishlagan. 2023-yil avgustidan buyon “O‘ztransgaz”ga vaqtincha Askar Isakov rahbarlik qilib kelmoqda.
Energetika tarmog‘ida kadrlar o‘zgarishi davom etmoqda. 2025-yil dekabr oyida Bahodirjon Sidikov qariyb to‘rt yil boshqargan O‘zbekneftgaz rahbarligidan ketgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ