Buxoro viloyatida noqonuniy kriptovalyuta savdosi bilan shug‘ullangan shaxs ushlandi
U 2025-yilda litsenziyasiz Binance va Bitget orqali $1,5 mlnlik operatsiyalarni amalga oshirgan
Buxoro viloyatida Ichki ishlar organlarining kiberxavfsizlik bo‘limi tomonidan noqonuniy kriptovalyuta savdosi bilan shug‘ullangan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Andijon viloyatida tug‘ilgan fuqaro Binance va Bitget platformalarida tegishli litsenziyasiz faoliyat yuritgan. U 2025-yil 20-apreldan 30-sentabrgacha bo‘lgan davrda raqamli aktivlarni sotib olish, o‘tkazish va almashtirish bo‘yicha jami 2407 ta operatsiya amalga oshirgan.
Tekshiruvlarga ko‘ra, ushbu bitimlarning umumiy qiymati 18 mlrd 167 mln so‘mni (Markaziy bank kursi bo‘yicha $1,5 mln) tashkil etgan. Bu miqdor “juda katta miqdor” sifatida baholangan. Gumonlanuvchi jami 1 mln 373 mingdan ortiq USDT tokenlarini sotib olgan, o‘tkazgan va ayirboshlagan.
Shuningdek, u boshqa shaxslarning bank kartalari orqali 1 mlrd so‘m mablag‘ni konvertatsiya qilgani, yana 757 mln so‘mni esa o‘z tasarrufidagi begona kartalarga o‘tkazgani aniqlangan. Ushbu mablag‘lar jabrlanuvchilarga tegishli bo‘lgani ma’lum qilindi.
Huquq-tartibot idoralari tomonidan gumonlanuvchidan Redmi Note 11 Pro rusumli mobil telefon ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Qurilma xotirasida 15 ga yaqin elektron manzil hamda Binance ilovasida amalga oshirilgan operatsiyalar tasdiqlari topilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ