O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga o‘zgartirish kiritilmoqda
Bir yilda pul aylanmasi mavjud bo‘lmagan jamoat fondlariga auditorlik tekshiruvi ixtiyoriy amalga oshiriladi

Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisi qarori bilan “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlariga davlat organlari tomonidan bevosita davlat ijtimoiy buyurtmalari berilishining yangi mexanizmlari belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlaridagi nodavlat notijorat tashkilotlarining majburiyatlari, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish asoslari qayta ko‘rilib, qayta ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun davlat boji miqdori, shuningdek homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibi aniqlashtirilmoqda.
“Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi Qonunga jamoat fondi muassisligiga bo‘lgan talablar kuchaytirilishini, jamoat fondini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shartlari va tartibi aniqlashtirilishini, jamoat fondining mol-mulkidan foydalanish yana-da erkinlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bir kalendar yilda bank hisobvaraqlarida pul aylanmasi mavjud bo‘lmagan jamoat fondi uchun ushbu kalendar yilda o‘z faoliyatini auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish ixtiyoriy tartibda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
“Homiylik to‘g‘risida”gi Qonunga xayriya qutilaridan foydalanish tartibini belgilovchi, olingan homiylik xayriyalarini hisobga olish va ular to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish hamda homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini takomillashtiruvchi normalar kiritilmoqda.
Muhokama davomida senatorlar tomonidan ushbu Qonun fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga, uning samaradorligini oshirishga, shuningdek ijtimoiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ