O‘zbekistonda bir qator majburiy ma’lumotnoma va hujjatlar bekor qilinadi

Xususan, nikohni rasmiylashtirishda tibbiy ma’lumotnoma ko‘rsatish talab qilinmaydi

O‘zbekistonda bir qator majburiy ma’lumotnoma va hujjatlar bekor qilinadi

O‘zbekistonda nikohni rasmiylashtirishda nikohlanuvchi shaxslarning salomatligi to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma taqdim qilish talabi bekor qilinmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi azborot xizmati xabar qildi.

Farmonga muvofiq, 1-dekabrdan idoralararo axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali nikoh tuzilgani va nikohdan ajratilganlik to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuvlarini shakllantirishda quyidagi hujjatlarni taqdim etish talabi bekor qilinadi:

  • nikohni rasmiylashtirishda FHDYO organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslarning salomatligi to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma taqdim qilish;
  • nikohdan sud qarori asosida ajratilganda, tegishli dalolatnoma yozuvini shakllantirish uchun FHDYO organlariga sud qarorini taqdim etish.

Shuningdek, avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasida avtomototransport vositasi mulkdorining manzilini ko‘rsatish talabi bekor qilinmoqda.

Bundan tashqari, farmonda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsga doir ma’lumotlarni talab qilish tartibi ham belgilandi. Unga ko‘ra, 1-noyabrdan jismoniy shaxslarning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YAIDXP) belgilangan shaxsga doir ma’lumotlari ularning shaxsiy kabineti orqali real vaqt rejimida taqdim etiladi.

Jismoniy shaxsning YAIDXPdagi shaxsga doir ma’lumotlari ularning qog‘oz shakliga tenglashtiriladi. Davlat xizmatlaridan foydalanishda ushbu ma’lumotlar YAIDXP mobil ilovasi yordamida ko‘rsatilgan taqdirda, davlat tashkilotlari tomonidan mazkur ma’lumotlarning qog‘oz shaklini talab qilish taqiqlanadi.

2025-yil 1-noyabrdan pensionerlar, homiladorlar va 3 yoshga to‘lmagan bolasi bilan tashrif buyurgan fuqarolar davlat xizmatlari markazlarida xizmatlardan imtiyozli ravishda navbatsiz foydalanish imkoniga ega alohida toifa sifatida belgilanmoqda.

Shuningdek, jismoniy shaxslarni yagona identifikatsiya tizimidan (OneID) ro‘yxatdan o‘tkazishda muqobil tarzda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face ID) tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Farmonga muvofiq, Davlat xizmatlari markazlari YAIDXP orqali joriy etilgan barcha davlat xizmatlari bo‘yicha aholi va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldi.

Kapital.uz avvalroq kelgusi uch yilda davlat xizmatlari 900 taga yetkazilishi haqida xabar bergandi. Xususan, fuqarolardan 30 turdagi hujjatlarni talab etish bekor qilinib, u ma’lumotlar axborot tizimlari orqali onlayn olinadi. 1-yanvardan Vakolat.uz maxsus platformasi orqali boshqa shaxslarga ishonchnomalarni rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda intellektual mulkni himoya qilish portali ishga tushiriladi
/
O‘zbekistonda intellektual mulkni himoya qilish portali ishga tushiriladi
O‘zbekistonda 1-dekabrdan nimalar o‘zgaradi?
/
O‘zbekistonda 1-dekabrdan nimalar o‘zgaradi?
O‘zbekiston 2030-yilgacha byurokratiya darajasini nolga tushirishni rejalashtirmoqda
/
O‘zbekiston 2030-yilgacha byurokratiya darajasini nolga tushirishni rejalashtirmoqda