Markaziy bank: neft narxi va logistika muammolari importga bosim o‘tkazadi

Hukumat muqobil yetkazib berish yo‘llarini izlash va ichki ishlab chiqarishni kengaytirish choralarini ko‘rmoqda

Markaziy bank: neft narxi va logistika muammolari importga bosim o‘tkazadi

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov global energiya resurslari narxining oshishi va logistika zanjirlaridagi uzilishlar O‘zbekistonga import qilinadigan mahsulotlarga ta’sir ko‘rsatishini ma’lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 2026-yil birinchi choragi yakunlari bo‘yicha iqtisodiy holat yuzasidan hisobot taqdim etildi. Unda mamlakatda yillik inflyatsiya darajasi 7,3%ni tashkil etgani qayd etildi. Avval bu ko‘rsatkichni yil yakuniga qadar 6–6,5%gacha pasaytirish rejalashtirilgan edi.

Yig‘ilishda global bozorlardagi o‘zgarishlarga tezkor javob choralarini ko‘rish belgilandi. Xususan, yoqilg‘i narxining qimmatlashuvi va transportdagi kechikishlar oziq-ovqat hamda boshqa import mahsulotlariga ta’sir qilayotgani sababli yangi logistika yo‘nalishlarini ishlab chiqish topshirildi.

Shu bilan birga, ichki ishlab chiqarishni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va mavjud loyihalarni kengaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov iqtisodiy blokka qurilish, qishloq xo‘jaligi, investitsiya va eksport sohalari bilan hamkorlikni kuchaytirish vazifasi yuklatilganini bildirdi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yilning birinchi choragida iqtisodiy o‘sish 7,5% atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Shu bois hududlardagi rahbarlarga vaziyatni tezkor tahlil qilib, har bir tarmoq bo‘yicha alohida choralar ko‘rish topshirildi.

Logistika sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash ham ko‘zda tutilgan. Zarur hollarda yuk tashishda aviatsiya imkoniyatlaridan foydalanilib, xarajatlarning bir qismi davlat tomonidan qoplanadi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank asosiy stavkani 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Regulyator inflyatsion bosim kuchaygan taqdirda pul-kredit siyosatini yanada qat’iylashtirish ehtimolini ham istisno etmadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston $1 mlrdlik xalqaro obligatsiyalar joylashtirdi
/
O‘zbekiston $1 mlrdlik xalqaro obligatsiyalar joylashtirdi
O‘zbekistonda bir nechta xorijiy investorlar islomiy banklar ochishi mumkin — MB vakili
/
O‘zbekistonda bir nechta xorijiy investorlar islomiy banklar ochishi mumkin — MB vakili
O‘zbekistonda sanoat korxonalarini ekologik modernizatsiya qilishga $300 mln ajratiladi
/
O‘zbekistonda sanoat korxonalarini ekologik modernizatsiya qilishga $300 mln ajratiladi