“Navoiyuran” $300 mln miqdorida yevrobondlar joylashtirdi
Mablagʻlar ishlab chiqarishni kengaytirish, uran zaxiralarini koʻpaytirish va xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarga yo‘naltiriladi

Фото: «Навоийуран»
Davlat korxonasi “Navoiyuran” besh yil muddatga yillik 6,7% stavka bilan $300 mln miqdorida yevrobondlar joylashtirdi.
Bu 2025 yilda Londondagi fond birjasida qimmatli qog‘ozlar joylashtirgan o‘zbek kompaniyalari orasida eng past stavka hisoblanadi.
Joylashtirishdan tushgan mablagʻlar ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, transport va texnologik bazani yangilash, uran zaxiralarini ko‘paytirish hamda xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Ushbu joylashtirish 16 yanvar kuni Prezident rahbarligida o‘tkazilgan investitsiyalarni jalb etish va eksport hajmini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida qabul qilingan qarorlarning bir qismidir. Yevrobondlar chiqarishga ruxsat olingan yirik sanoat korxonalari orasida “Navoiyuran” ham bor edi.
Bozorga chiqishdan oldin korxona S&P Global Ratings va Fitch Ratings agentliklari tomonidan barqaror prognoz bilan BB- reytingini oldi. Bundan tashqari, 2024-yil aprel oyida xalqaro Sustainable Fitch agentligi kompaniyaga ESG-reytingda uchinchi toifadagi 55 ballik baho berdi.
Yevrobondlarni joylashtirishda anderrayter sifatida CITI, Abu Dhabi Commercial Bank va Natixis jalb etildi. Moliya maslahatchisi – Finasia Capitals, yuridik maslahatchi – Dentons kompaniyasi, tashqi auditor – Deloitte bo‘ldi.
23–24 iyun kunlari Londonda 64 ta xalqaro investor bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda 2022–2024 yillardagi “Navoiyuran” transformatsiyasi natijalari va kelajakdagi rivojlanish rejalari taqdim etildi. Investorlarning yuqori qiziqishi tufayli talab taklifdan 4,3 baravar oshdi – jami 93 ta ariza kelib tushdi, umumiy qiymati $1,3 mlrdni tashkil etdi. Bu esa dastlabki 7,250–7,375% stavkani 6,7% gacha tushirishga imkon berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ