Navoiy viloyatidagi konlarni o‘zlashtirishga $565 mlndan ortiq investitsiya kiritiladi

Mintaqada $1,6 mlrdlik qo‘shimcha loyihalar paketi shakllantirildi

Navoiy viloyatidagi konlarni o‘zlashtirishga $565 mlndan ortiq investitsiya kiritiladi

Shavkat Mirziyoyev 7-avgust kuni Navoiy viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Navoiy viloyati yerosti boyliklari, sanoati va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ulkan salohiyatli hudud. Bularning negizida so‘nggi sakkiz yilda $8 mlrdlik 7 mingdan ziyod loyiha amalga oshirilib, 73 mingta ish o‘rni yaratilgan. Tadbirkorlar soni 10 mingtadan 30 mingtaga ko‘paygan.

Bu yil 6 oyda investitsiya hajmi $643 mlnga yetdi, eksport $635 mlndan oshdi. $550 mlnlik yangi quvvatlar, 1,14 mingta savdo va servis majmualari ishga tushirildi.

Lekin hali foydalanilmagan manbalar juda ko‘p, dedi davlat rahbari. U Navoiy viloyatida yirik sanoat tarmoqlaridan tashqari yaylovlarni o‘zlashtirish, chorvachilikni rivojlantirish, xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha imkoniyatlar ko‘p ekanini ta’kidladi.

Xususan, mamlakatdagi qazilma boyliklarining 20%i, yaylovlarning 43%i shu hududda joylashgan. Yirik korxonalar va qulay infratuzilma ko‘plab yondosh tarmoqlarda talab yaratgan.

Joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarish uchun Navoiy viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi. Yig‘ilishda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar taqdimot qilindi.

Jumladan, G‘ozg‘on shahri, Nurota, Xatirchi, Navbahor va Uchquduq tumanlaridagi 8 ta konga investorlar $566 mln sarmoya kiritishga tayyorligini bildirgan. Buning natijasida sanoat hajmi 2,5 trln so‘mga, eksport $100 mlnga ko‘payishi mumkin.

Masalan, Nurota tumanida 750 mln kub metr granit toshlari zaxirasi bor. Uni qayta ishlash uchun 50 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etish taklif qilindi. Shu tumandagi 10 ta mahallada 5 mingdan ziyod xotin-qiz kashtachilik bilan shug‘ullanib, daromad topmoqda. Endi buni kengaytirib, 28 ta mahallada Kashtachilik markazlari ochish rejalashtirilgan.

Ehtiyojmand oilalarni quyosh panellari va ko‘chma do‘konlar bilan ta’minlab, kambag‘allikdan chiqarish ko‘zda tutilgan.

Viloyatdagi 3 mln gektar yaylov qishloq xo‘jaligi uchun katta imkoniyat. Masalan, qiziltepalik tadbirkor ming gektar yaylovda yomg‘irlatib va tomchilab sug‘orish texnologiyasini qo‘llab, eksportbop ekinlar yetishtirmoqda. Endi chorvachilikni yo‘lga qo‘yib, sutni qayta ishlash tashabbusini bildirgan, — deyiladi xabarda.

Umuman, viloyatda $1,6 mlrdlik qo‘shimcha loyihalar shakllantirilgan. Ularning natijasida, taqdimotga ko‘ra, yana 10 ming ish o‘rni, budjetga 1 trln so‘m tushum va $238 mlnlik eksport imkoniyati paydo bo‘ladi.

Davlat rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Yirik va kichik korxonalar o‘rtasida kooperatsiya yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkorlarni korxonalarga bog‘lab, kafolatli buyurtmani yo‘lga qo‘yib, kichik biznesning viloyatdagi ulushini oshirish vazifasi qo‘yildi. Yaylovlarga suv chiqarishga ko‘maklashib, ulardan samarali foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.

Navoiy viloyatida o‘rtacha ish haqi boshqa hududlardan 1,5 barobar yuqoriligi savdo va servisga talabni ham, taklifni ham rag‘batlantiradi. Shunga munosib, istirohat bog‘lari va dam olish maskanlari tashkil etish, turistlarni ko‘paytirish, xizmatlar hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Janubiy Koreyaning “KDHC” kompaniyasi Yangi Toshkent isitish tizimi uchun texnologiyalar taqdim etadi
/
Janubiy Koreyaning “KDHC” kompaniyasi Yangi Toshkent isitish tizimi uchun texnologiyalar taqdim etadi
O‘zbekistonda gaz subsidiyalari 2028-yilgacha saqlanib qoladi
/
O‘zbekistonda gaz subsidiyalari 2028-yilgacha saqlanib qoladi
Raqobat qo‘mitasining ko‘rsatmasidan so‘ng “Beeline” kunlik to‘lov xizmatini boshqarish imkoniyatini joriy qildi
/
Raqobat qo‘mitasining ko‘rsatmasidan so‘ng “Beeline” kunlik to‘lov xizmatini boshqarish imkoniyatini joriy qildi