Navoiy aeroporti Uzbekistan Airports tarkibidan chiqariladi

Aeroportga tashuvchilar bilan mustaqil shartnoma tuzish huquqi beriladi va u erkin bojxona zonasiga aylantiriladi

Navoiy aeroporti Uzbekistan Airports tarkibidan chiqariladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-fevral kuni Navoiy xalqaro aeroportini rivojlantirish va fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qabul qilingan qarorga ko‘ra, Navoiy aeroporti Uzbekistan Airportsning markazlashgan boshqaruv tizimidan chiqariladi. Endilikda aeroport mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan yo‘lovchi va yuk tashish, tranzit hamda texnik qo‘nishlar bo‘yicha mustaqil muzokaralar olib borish va shartnomalar tuzish huquqiga ega bo‘ladi.

Aeroport hududida “porto-franko” formatidagi erkin bojxona zonasi tashkil etiladi. Ushbu hududda havo kemalariga texnik va tijorat xizmatlari ko‘rsatiladi. Samolyotlarga xizmat ko‘rsatish uchun olib kiriladigan uskunalar va ehtiyot qismlar 2029-yil 1-yanvargacha bojxona bojlaridan ozod etiladi. Shuningdek, aeroport hududidagi mehmonxona ham boshqaruvga topshiriladi.

Rejalarga muvofiq, aeroport infratuzilmasi kengaytiriladi: terminallar, maxsus texnika va yoqilg‘i omborlari modernizatsiya qilinadi, samolyotlarni ta’mirlash va bo‘yash xizmatlari rivojlantiriladi. Olingan daromadlar aviatsiya xizmatlari eksportini oshirishga yo‘naltiriladi.

Taqdim etilgan biznes-rejaga ko‘ra, Navoiy aeroportining tijorat va noaviatsion faoliyati hajmi 50% ga oshiriladi. 25 dan ortiq aviakompaniya bilan muntazam reyslar yo‘lga qo‘yilib, yuklarni qayta ishlash hajmi yiliga 20 ming tonnadan oshiriladi.

Yig‘ilishda fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish masalalari ham muhokama qilindi. 2026-yildan boshlab Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports’ning asosiy faoliyatiga kirmaydigan yo‘nalishlarini moliyalashtirish to‘xtatiladi. Uzbekistan Airports 18 ta, Uzbekistan Airways esa 16 ta ustuvor vazifa asosida faoliyat yuritadi.

Asosiy yo‘nalishlar sifatida xizmatlar sifati va raqobatbardoshlikni oshirish, xarajatlarni optimallashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish hamda kadrlar malakasini oshirish belgilandi. Shuningdek, energiya tejamkor texnologiyalar va maxsus elektr transportidan foydalanish orqali xarajatlarni kamaytirish rejalashtirilgan.

Transformatsiya doirasida tashkiliy tuzilmalar qayta ko‘rib chiqiladi, xodimlar soni optimallashtiriladi. Aviatsiya kompaniyalarining xalqaro kredit reytinglarini oshirish, IPO o‘tkazish va xalqaro obligatsiyalar joylashtirish ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Fuqaro aviatsiyasi universiteti va uning qoshidagi texnikum tashkil etilishi masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ta’lim muassasalari AQShdagi Embry-Riddle Aeronautical University va Fransiyadagi École Nationale de l’Aviation Civile bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.

Ushbu oliygohda bortkuzatuvchilar, texniklar, mexaniklar, uchuvchilar, muhandislar, dispetcherlar va aviatsiya menejerlari tayyorlanadi.

Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, mas’ul idoralarga ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Bektemir — Chorvoq yo‘lining ayrim qismlarida tezlik 80 km/soatgacha tushirildi
/
Bektemir — Chorvoq yo‘lining ayrim qismlarida tezlik 80 km/soatgacha tushirildi
O‘zbekistonda kriptokompaniyalar uchun bozorga kirish talablari kuchaytirildi
/
O‘zbekistonda kriptokompaniyalar uchun bozorga kirish talablari kuchaytirildi
2025-yilda Markaziy bank 488,5 trln so‘mlik obligatsiyalarni muomalaga chiqardi
/
2025-yilda Markaziy bank 488,5 trln so‘mlik obligatsiyalarni muomalaga chiqardi