Namangan viloyatida $50 mlnlik tibbiyot loyihalari amalga oshiriladi
Hindistonning Krsnaa Diagnostics kompaniyasi 2026–2028-yillarda zamonaviy diagnostika texnologiyalarini joriy etadi
Namangan viloyati hokimligi va Hindistonning Krsnaa Diagnostics Ltd kompaniyasi $50 mlnlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya direktorlar kengashi raisi Rajendra Mutha boshchiligidagi delegatsiya hamkorlik tafsilotlarini muhokama qilish uchun Namanganga tashrif buyurdi.
Muzokaralar davomida tomonlar tibbiyot sohasida sanoat va texnologik hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi. Memorandumga ko‘ra, loyihalar 2026–2028-yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Asosiy e’tibor aholining yuqori texnologiyali diagnostika xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish va zamonaviy tibbiy infratuzilma yaratishga qaratiladi.
Kompaniya 20 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lib, Hindistonda 2 mingdan ortiq diagnostika markazlari va laboratoriyalarni boshqaradi. Uning tasarrufida 150 dan ortiq KT, 100 ta MRT qurilmalari hamda 1800 ta rentgen markazlari mavjud.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ