Qozog‘istonning MOST Ventures fondi o‘zbekistonlik Bito startapiga $10 mln sarmoya kiritdi

Shu tariqa IT-kompaniya qiymati so‘nggi o‘n oyda uch baravarga oshdi

Qozog‘istonning MOST Ventures fondi o‘zbekistonlik Bito startapiga $10 mln sarmoya kiritdi

O‘zbekistondagi texnologik loyiha Bito bridge-raund doirasida Qozog‘istonning MOST Ventures venchur fondidan investitsiya jalb qildi. Bu haqda startap matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mazkur bitim Markaziy Osiyo venchur bozori uchun muhim transchegaraviy kelishuv sifatida baholanmoqda. Bitim doirasida Bito kompaniyasining bozor qiymati $10 mln etib belgilandi. Bu mintaqaviy investorlarning O‘zbekiston IT-yechimlariga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Bito — kichik va o‘rta biznes uchun mo‘ljallangan raqamli platforma bo‘lib, u korxona resurslarini boshqarish, moliyaviy xizmatlar va sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni birlashtiradi. Platforma orqali kompaniyalar savdo jarayonlari, ombor hisobi, kadrlar boshqaruvi va tahliliy jarayonlarni avtomatlashtirishi mumkin. Loyiha Startup Garage rezidenti hisoblanadi.

Raund yakunlariga ko‘ra, Bito bahosi bir yildan kamroq vaqt ichida uch baravar oshdi. Jalb qilingan investitsiya miqdori oshkor etilmadi, biroq mablag‘lar mahsulotni kengaytirish va yangi bozorlarga chiqishga yo‘naltiriladi. Ushbu kelishuv doirasida Startup Garage startap kapitalidan qisman chiqishni amalga oshirdi.

Startup Garage asoschisi Muhammad Xalilning ta’kidlashicha, mazkur kelishuv mintaqaviy startap ekotizimining yetuklashayotganini va mahalliy loyihalar institutsional kapitalni jalb qila olayotganini ko‘rsatadi. Bito rahbari Uchqun Tulaev esa MOST Ventures bilan hamkorlik tadbirkorlar uchun yagona raqamli infratuzilma standartini yaratishda muhim qadam bo‘lishini qayd etdi.

Kompaniya yaqin vaqt ichida O‘zbekiston va Qozog‘istondagi pozitsiyalarini mustahkamlashga e’tibor qaratib, faol kengayishni rejalashtirmoqda. Startup Garage esa strategiyasini erta bosqichdagi tez o‘sayotgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va keyinchalik yirik investorlarni jalb etishga yo‘naltirishda davom ettiradi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda 5 grammlik oltin quymalari 8,9 mln so‘mdan oshdi
/
O‘zbekistonda 5 grammlik oltin quymalari 8,9 mln so‘mdan oshdi
Toshkentda avtobuslar uchun gaz quyish shoxobchalari qisqartirildi
/
Toshkentda avtobuslar uchun gaz quyish shoxobchalari qisqartirildi
IIV YHXX yo‘l harakati kameralariga oid da’volarni rad etdi
/
IIV YHXX yo‘l harakati kameralariga oid da’volarni rad etdi