Moody’s oltita bank reytingi bo‘yicha prognozlarni yaxshiladi
To‘rtta bankka “ijobiy”, ikkitasiga “barqaror” prognozlar berildi

Moody’s Ratings agentligi O‘zbekistonning oltita davlat banki bo‘yicha yangilangan reyting prognozlarini e’lon qildi. Prognozlar O‘zbekiston hukumatining Ba3 emitent va ta’minlanmagan obligatsiya reytinglarining tasdiqlanishi hamda ularning istiqbollari “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgarishi ortidan amalga oshirildi.
Moody’s agentligi tomonidan quyidagi banklarning uzoq muddatli depozit reytinglari tasdiqlandi:
- O‘zmilliybank, Agrobank, Asakabank va Mikrokreditbank — Ba3,
- Aloqabank va Biznesni rivojlantirish banki — B1.
Shu bilan birga, O‘zmilliybank, Agrobank, Asakabank va Mikrokreditbankning mahalliy va xorijiy valyutadagi uzoq muddatli depozit reytinglari bo‘yicha istiqbollar “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirildi. BRB uchun esa “salbiy”dan “barqaror”ga o‘zgardi. Aloqabankning reytinglari bo‘yicha “barqaror” istiqbol saqlab qolindi.
Oltita bankning boshqa barcha reyting va baholashlari ham tasdiqlandi:
- O‘zmilliybankning b1 BCA va tuzatilgan BCA,
- Agrobank, Asakabank va Aloqabankning b2 BCA va tuzatilgan BCA,
- Mikrokreditbankning b3 BCA,
- BRBning caa1 BCA va tuzatilgan BCA.
Bank faoliyati muhitini yaxshilash imkoniyatlari
O‘zbekiston suveren reytingining “ijobiy”ga o‘zgarishi Moody’s tomonidan boshqaruv va institutsional asoslarni takomillashtirishga qaratilgan islohotlarning, agar samarali amalga oshirilsa, vaqt o‘tishi bilan siyosat samaradorligi va institutlar sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligiga ishonchni aks ettiradi. Hukumatning xususiylashtirish dasturi ham iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishi mumkin.
Ushbu islohotlar, kuchli moliyaviy ehtiyotkorlik bilan birgalikda, mamlakatning iqtisodiy barqarorligi va o‘sish salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Aloqabankning «barqaror» istiqboli davlat qo‘llab-quvvatlashining cheklangan ta’sirini aks ettiradi, chunki u boshqa davlat banklariga nisbatan kichik hajmga ega hamda tizimiy va strategik ahamiyatga ega emas.
BRBning «barqaror» istiqboli esa zaif kredit profili sharoitida suveren harakatning cheklangan bosimini ko‘rsatadi.
Reytinglar o‘zgarishiga ta’sir qiluvchi omillar
Agentlikka ko‘ra, O‘zbekiston suveren reytingining oshishi natijasida O‘zmilliybank, Agrobank, Asakabank va Mikrokreditbankning depozit reytinglari ham ko‘tarilishi mumkin. Bank tizimidagi operatsion muhit va banklarning to‘lov qobiliyati yaxshilanishi ham kelgusi 12–18 oyda barcha banklarning BCA va depozit reytinglarini oshirishga olib kelishi kutilmoqda.
Mavjud “ijobiy” va “barqaror” istiqbollar, reyting yaqin 12–18 oyda pasayishi ehtimoli pastligini ko‘rsatadi. Biroq, suveren kredit profili yomonlashishi yoki banklarning likvidlik va to‘lov qobiliyatida kutilmagan zaifliklar yuzaga kelsa, reytinglarga bosim kuchayishi mumkin. Shuningdek, agar davlat banklarni qo‘llab-quvvatlash ehtimoli kamaysa, ularning reytinglari pasayishi mumkin.
O‘zmilliybank
O‘zmilliybankning uzoq muddatli depozit reytinglari bo‘yicha “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgarishi O‘zbekistonning suveren reytingiga oid o‘zgarishlar va mamlakatdagi banklar uchun operatsion muhit yaxshilanishi ehtimoli bilan bog‘liq.
Bankning b1 BCA reytingi tasdiqlanishi 2024-yil oxirida umumiy kapitalning (TCE) tavakkallikka tortilgan aktivlarga (RWA) nisbati 18%, sof daromadning moddiy aktivlarga nisbati 2% atrofida ekani va bankning likvidligi yetarli bo‘lganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bank reytingiga yirik mijozlarga qaramlik va bozor moliyalashtirishiga yuqori bog‘liqlik salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Asakabank
Asakabankning uzoq muddatli depozit reytinglari bo‘yicha “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgargan istiqboli suveren reyting va bank muhitining yaxshilanish ehtimoli bilan bog‘liq.
Bankning b2 BCA reytingi 2023-yil oxirida (eng so‘nggi audit ma’lumotlari) muammoli kreditlarning umumiy kreditlarga nisbati 8.3% ekani, bozor moliyalashtirishiga yuqori bog‘liqligi va kamtarona rentabelligi bilan izohlanadi.
Shu bilan birga, 2024-yil oxirida bankning kapital bazasi mustahkamligi va aktivlarning 17% miqdoridagi likvidlik zaxirasi bilan bank reytingi qo‘llab-quvvatlanmoqda (mahalliy GAAP hisobotlariga ko‘ra).
Asakabankning Ba3 uzoq muddatli depozit reytinglari b2 BCA va bankning davlatga tegishliligi, tizimiy ahamiyati hamda umumiy aktivlar bo‘yicha bozorning 8% ulushiga ega to‘rtinchi yirik bank ekaniga asoslanib, davlat qo‘llab-quvvatlovi ehtimoli juda yuqori deb baholangan.
Aloqabank
Aloqabankning uzoq muddatli depozit reytinglari bo‘yicha barqaror istiqbol saqlandi, bu Moody’s tomonidan O‘zbekiston suveren reytingidagi o‘zgarishlardan so‘ng amalga oshirildi.
Barqaror istiqbol quyidagi fikrlarni aks ettiradi:
- Bankning kuchli likvidligi va davriy foydalilik (rentabellik) faoliyat samaradorligi va bozor moliyalashtirishga bog‘liqlikni muvozanatlashtiradi;
- Bank boshqa davlat banklariga nisbatan kichik hajmda, strategik ahamiyatga ega emas, shu bois uning reytinglariga davlat qo‘llab-quvvatlovi kam ta’sir ko‘rsatmoqda.
Aloqabankning B1 uzoq muddatli depozit reytinglari b2 BCA va bankning davlatga qarashliligi, sektor aktivlarining 3% ulushiga ega 11-o‘rindagi bank ekani hamda qo‘llab-quvvatlanish ehtimoli yuqori deb baholanishiga asoslangan.
b2 BCA reytingi 2023-yil oxirida muammoli kreditlar 6.1% (auditlangan ma’lumotlar), kamtar miqdordagi davriy foydalilik va aktivlarning 23% miqdoridagi o‘rtacha likvidlik buferi bilan belgilangan.
Mikrokreditbank
Mikrokreditbankning uzoq muddatli depozit reytinglari bo‘yicha “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgarishi suveren reytingdagi o‘zgarish va bank muhitining yaxshilanishi bilan bog‘liq.
BCA reytingi b3 bo‘lib, 2023-yil yakunida (auditlangan ma’lumotlar) TCE/RWA nisbati 17.6% ekani va bu hukumat tomonidan muntazam kapital qo‘yilmalari natijasi ekanini aks ettiradi. Biroq, muammoli aktivlar (NPL — 16.6%), zarar ko‘ruvchi faoliyat va moliyalashtirishga yuqori bog‘liqlik sababli bank reytingi cheklangan.
Ba3 uzoq muddatli depozit reytinglari b3 BCA, bankning davlatga tegishli ekani, kichik va o‘rta korxonalar (KO‘B)ga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha maxsus vakolati, so‘nggi 7-yildagi muntazam davlat qo‘llab-quvvatlovi va davlatning bank ustidan nazoratni saqlab qolish rejasiga asoslangan.
Biznesni rivojlantirish banki
Biznesni rivojlantirish banki uzoq muddatli depozit reytinglari bo‘yicha istiqbol “salbiy”dan “barqaror”ga o‘zgartirildi. Bu O‘zbekistonning suveren reytingidagi o‘zgarish va BRBning mustaqil kredit profili barqarorlashuvini aks ettiradi.
Moody’s bankning kredit portfelidagi xatarlar va biznes modeliga oid xavflar davlat tomonidan regulyar kapital va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali muvozanatlashtirilayotganini hisobga olgan.
BRBning B1 uzoq muddatli depozit reytinglari caa1 BCA va bankning davlatga tegishliligi, yaqinda davlatdan olingan kapital qo‘llab-quvvatlovi va KO‘Bni rivojlantirishdagi ijtimoiy ahamiyatga ega roliga asoslanib, davlat qo‘llab-quvvatlovi ehtimoli juda yuqori deb baholangan.
caa1 BCA reytingi 2024-yil oxirida aktivlarning 23% miqdoridagi o‘rtacha likvidlik buferi bilan barqaror moliyalashtirish profilini, shuningdek bank aktivlari sifati va rentabellikdagi muammolar saqlanishini aks ettiradi.
Avvalroq Moody’s O‘zbekiston kredit reytingi prognozini “ijobiy” darajaga yaxshilagani haqida xabar berilgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ